Tibetda dahshatli zilzila bo‘ldi. O‘nlab qurbonlar bor
Olam
−
08:07 1479 2 daqiqa
Xitoyning Tibet muxtor rayonida 7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda 16 kishi halok bo‘lib, 32 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zilzila kecha, 22 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:33 da yuz bergan. Bugun, 23 oktyabr kuni soat 02:25 holatiga ko‘ra, jarohatlanganlardan 11 nafarining ahvoli og‘ir, 21 nafari esa yengil tan jarohatlari olgan.
Xitoy davlat telekanali xabar berishicha, zilzila epitsentriga yaqin qishloqlarda ayrim uylarning devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar qishloqlardan birida kamida ikki nafar jarohatlangan kishini aniqlagan. Shuningdek, kamida 339 ta uy va 20 ta chorva mollari saqlanadigan bino qulagan. Qidiruv-qutqaruv ishlari esa davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, zilzila o‘chog‘i Tibetning shimoliy qismidagi Nagchu shahri hududida, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Epitsentr Lxasa shahridan qariyb 400 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Ushbu hudud dengiz sathidan o‘rtacha 4 864 metr balandlikda joylashgan.
Zilziladan keyin mahalliy qutqaruv va yong‘in xavfsizligi guruhlari ofat hududiga safarbar etilgan. Qutqaruv ishlariga 1 600 dan ortiq kishi jalb qilingan. Hududga 1 000 ta yig‘ma uy, qariyb 3 000 ta chodir, yig‘ma karavotlar, fonarlar va qishki kiyimlar yetkazilgan. Shuningdek, atrofdagi hududlarda 3 va 4 magnitudali bir nechta kichik yer silkinishlari qayd etilgan.
“Sinxua”ning xabar berishicha, zilzila oqibatida ayrim hududlarda aloqa uzilgan. Mahalliy temiryo‘l idoralari favqulodda choralar ko‘rib, zilzila hududidan o‘tadigan poyezdlar harakatini to‘xtatgan. Bundan tashqari, tog‘ jinslari qulagani sababli 317-sonli milliy avtomobil yo‘lining bir qismi yopilgan va hozircha undan faqat qutqaruv hamda favqulodda xizmatlar transporti o‘tmoqda. Hududda yaqin uch kun davomida qor yog‘ishi kutilayotgani qutqaruv ishlarini murakkablashtirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, bu Xitoyda 2024 yil yanvaridan beri sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. 2010 yilda qo‘shni Sinxay provinsiyasining Yuyshu hududida 7,1 magnitudali zilzila yuz berib, kamida 2 698 kishi halok bo‘lgan, qariyb 300 kishi bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Panamaning janubida 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lgan edi. Oqibatda binolar shikastlanib, ayrimlari qulagan, minglab odamlar ko‘chalarga chiqqandi.
Live
BarchasiOhangaronda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
22 Oktyabr
Avstraliyada kuchli yomg‘ir yog‘di
22 Oktyabr
Gretsiyada ham talabalar namoyish boshladi
22 Oktyabr