Odamlar Istanbuldan qochmoqda. Chipta narxlari keskin qimmatladi

Olam

image

Turkiyaning Istanbul shahridagi ketma-ket ro‘y bergan zilzilalardan so‘ng, shaharni tark etishni xohlovchilar soni ortdi va aviachiptalar narxi keskin oshib ketdi. Bu haqda “Karar” xabar berdi.

Istanbulda sodir bo‘lgan va Marmara dengizi yaqinidagi keng hududda sezilgan zilzilalar fuqarolarning shaharni tark etish yo‘lidagi istagini kuchaytirgan. Ketma-ket sodir bo‘lgan yer silkinishlaridan so‘ng, samolyot chiptalariga talab keskin oshgan va narxlar, ayniqsa, Istanbul-Anqara yo‘nalishida sezilarli darajada qimmatlagan. Narxlarning qisqa vaqt ichida 4 barobarga oshgani ijtimoiy tarmoqlarda norozilik bilan kutib olingan. Ma’lum qilinishicha, avvaldan 1000 lira bo‘lib kelgan Istanbul-Anqara yo‘nalishidagi chiptalarning narxi 4000 liradan oshib ketgan.

Parvoz qidiruv tizimlarida 23 aprel uchun chiptalar qolmagan, aviachiptalarning 24 aprel uchun tariflari ham juda yuqorilab ketgan. Mutaxassislarning fikricha, talab ortib borishi bevosita narxlarda aks etadi.

Turk havo yo‘llari turli mintaqalarga qo‘shimcha reyslar tashkil etishini ma’lum qilgan.

Ayni damda Turk havo yo‘llarining saytida Istanbul shahridan Toshkentga uchish narxi 28 848 lirani tashkil etmoqda. Bu o‘zbek so‘mida 9 mln 704  ming 178 so‘mni tashkil etadi.

Istanbulda zilzila

Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Qolaversa, 6,2 magnitudali birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etildi. Soat 12:51 da yerosti silkinishi (5,9) qayd etilgan. Undan keyin 4,4, 4,8, 4,5 va 4,9 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. 13:07 dan boshlab silkinishlar kuchi 3,4 dan 3,1 gacha pasayishni boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari hali davom etishi mumkin.

Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etayotgani va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Istanbul Turkiya Marmara dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing