Talabalar bugundan yotoqxonaga ariza qoldirishi mumkin
Jamiyat
−
10:40 651 2 daqiqa
Bugun, 1 avgustdan boshlab oliy ta’lim muassasalari talabalarining yotoqxonaga joylashish uchun arizalari qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 avgustdagi 376-sonli qarori bilan tasdiqlangan reglamentga muvofiq talabalar arizalarni my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.
Bunga ko‘ra, avvalo imtiyoz va ustuvorlikka ega talabgorlar talabalar turar joylariga joylashtiriladi.
Shundan so‘ng qolgan o‘rinlar umumiy ro‘yxat asosida quyidagi tartibda taqsimlanadi:
- 1-bosqich talabalari uchun – 55–65 foiz;
- 2-bosqich talabalari uchun – 15–20 foiz;
- 3-bosqich va undan yuqori kurs talabalari uchun – 20–25 foizgacha.
Ma’lum qilinishicha, arizalar qabuli 1 avgustdan o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.
Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga tavsiya etilgan abituriyentlar yakuniy natijalar e’lon qilingach, talabalar turar joyi uchun ariza yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali talabalarning yotoqxonaga joylashish va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarini yagona xizmatga birlashtirilganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, talabalar my.gov.uz orqali ariza yuborib, ariza tasdiqlangach elektron shartnoma va yo‘llanma oladi. To‘lov amalga oshirilganidan so‘ng esa, vaqtincha ro‘yxatdan o‘tish avtomatik tarzda rasmiylashtiriladi. Bu tartib bugun, 1 avgustdan kuchga kirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ta’limda yakuniy imtihonlar videokuzatuv ostida o‘tkazilishi va ularni talabaga dars bermagan professor-o‘qituvchilar baholashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi