Talabalar uchun yakuniy imtihonlar yangi tartibda o‘tkazilishi mumkin
Jamiyat
−
29 iyul 3449 2 daqiqa
Endi oliy ta’limda yakuniy imtihonlar videokuzatuv ostida o‘tkazilishi va ularni talabaga dars bermagan professor-o‘qituvchilar baholashi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining kecha, 28 iyul kuni jamaotchilik muhokamsi uchun e’lon qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, yangi tartib 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichiga qabul qilinadigan talabalarga tatbiq etiladi.
Hujjatga muvofiq, yakuniy nazorat imtihonlari ovoz va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkaziladi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari yakuniy imtihonlarni rasmiy veb-saytlari orqali onlayn kuzatish imkoniyatini yaratishi belgilangan.
Loyihada yakuniy nazorat imtihonlarini topshirish uchun maxsus elektron platformalar ishlab chiqilishi, yozma topshiriqlarni baholashda professor-o‘qituvchilar har bir savol bo‘yicha kamida 2–3 gapdan iborat izoh (fidbek) yozishi ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, yakuniy nazorat ishlari, asosan, talabaning mustaqil fikrlashini baholashga qaratilgan 3–5 ta yozma topshiriqdan iborat bo‘lishi, ayrim fanlarda esa test shaklida o‘tkazilishi mumkin.
Qayd etilishicha, yakuniy imtihonlarni talabalarga dars bermagan professor-o‘qituvchilar baholaydi. Imtihonlar rektor tomonidan tuziladigan maxsus mas’ul guruh nazoratida o‘tkaziladi.
Shuningdek, talabalar imtihonga shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirishi, imtihon vaqtida telefon, mikroquloqchin va boshqa ko‘chirish vositalaridan foydalanishi taqiqlanadi. Bunday holatlar aniqlansa, talaba imtihondan chetlashtiriladi, videyozuvlar orqali keyinchalik aniqlangan qoidabuzarliklar esa imtihon natijasini bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Shu bilan birga, loyiha bilan talabalar bilimi barcha fanlar bo‘yicha 100 ballik tizim asosida baholanadi. Bunda joriy nazorat uchun 30 ball, oraliq nazorat uchun 20 ball va yakuniy nazorat uchun 50 ball ajratilishi, oraliq nazorat o‘tkazilmaydigan fanlarda esa joriy va yakuniy nazoratga 50 balldan berilishi belgilangan. Yakuniy imtihonga kirish uchun talabalar joriy va oraliq nazoratlardan kamida 60 foizlik saralash ballini to‘plashi shart bo‘ladi.
Loyihada fan bo‘yicha joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari hamda maksimal va saralash ballari talabalar e’tiboriga birinchi mashg‘ulotdayoq yetkazilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda talab etiladigan til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi belgilanayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi