Tailand va Filippin O‘zbekistonga yangi elchilarini tayinladi
Jamiyat
−
01 iyun
3190Kecha, 31 may kuni Tashqi ishlar vazirligida Tailand va Filippin mamlakatlarining O‘zbekistondagi yangi elchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi va Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ularning ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, har ikki mamlakat vakillari bilan davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar hajmini oshirish, turizm, madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
"Bugun Vazirlikda Tailand Qirolligining O‘zbekistondagi yangi tayinlangan Elchisi Sasivat Vongsinsavat janoblari bilan uchrashib, uning ishonch yorliqlarini qabul qildik. Siyosiy maslahatlashuvlarni faollashtirish, iqtisodiy hamkorlikni jadallashtirish, o‘zaro tovar aylanmasi hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash, turizm, xalq diplomatiyasi va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildik. Biz janob elchini mazkur lavozimga tayinlangani bilan tabriklaymiz va unga diplomatik missiyasini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilaymiz”, deb yozdi vazir.
Saidov Filippinning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlangan Roberto G.Manalo bilan ham mamlakatlar o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama munosabatlar yuzasidan fikr almashgan.
“Shubhasiz, o‘zaro hamkorlik kun tartibini barcha yo‘nalishlarda kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi janob elchining O‘zbekiston-Filippin munosabatlarida foydalanilmagan ulkan salohiyatni ro‘yobga chiqarishga hissa qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", deb yozadi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 16 may kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Portugaliya, Litva va Daniyaning O‘zbekistondagi yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib olgandi.
Habib Jo‘raboyev