Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan yana 107 amaldor aniqlandi
Jamiyat
−
13 Sentabr
6822Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularda faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodimi 116 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimi 55 ta tadbirkorlik sub’ektida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimi 39 ta tadbirkorlik sub’ektida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimi 22 ta tadbirkorlik sub’ektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Bildirilishicha, yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ushbu vazirliklar tomonidan tanqidiy muhokama qilingan va tadbirkorlik sub’ektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik sub’ektlarida faoliyat yuritishi mumkin emasligi belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 3 ta vazirlikning 398 nafar amaldori tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan edi.
LiveBarchasi