Tadbirkorlar quyosh paneli o‘rnatishga majburlanyapti. O‘zbekiston bu!

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 31 avgust kuni QALAMPIR.UZ’da “Olmazordagi tadbirkorlar “svet”siz qolishi mumkin, QALAMPIR.UZ ham” nomli xabar e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahridagi barcha tadbirkorlik sub’ektlariga hududiy elektr tarmoqlari korxonalari rahbarlari nomidan xat yo‘llanib, 10 ish kuni ichida elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiya (quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi)ga o‘tkazish shartligi, talab bajarilmagan taqdirda tadbirkorlik sub’ekti ogohlantirishsiz elektr energiyasidan uzib qo‘yilishi haqida rasmiy ogohlantirish xati yo‘llangani haqida so‘z borgan edi. 

Ushbu xabar e’lon qilinganidan bir hafta vaqt o‘tib, 7 sentyabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tilga kirib, tadbirkorlardan quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi o‘rnatish talab qilinmayotganini aytib chiqdi. Biroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati mamlakatda elektr energiyasi bilan bog‘liq haqiqiy vaziyatni bilmaydiganga o‘xshab ko‘rinyapti. Boisi AJ asl vaziyatni rad etishga va uni xaspo‘shlashga urinsa-da, asl haqiqat tuman elektr tarmoqlari korxonalari yo‘llayotgan navbatdagi maktublarda aks etmoqda. 

Gap shundaki, joriy yilning 6 sentyabr kuni (!), ya’ni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tadbirkorlar elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiya – quyosh panellari, kompensatsiya qilish uskunasi o‘rnatishga majburlanmayotganini aytib chiqishidan bir kun avval tadbirkorlik sub’ektlariga yana ogohlantirish xati yo‘llangan va bu safar xat muallifi faqat tuman elektr tarmoqlari korxonasi emas. Galdagi ogohlantirish xatiga “Olmazortumangaz” gaz ta’minoti korxonasi ham sherik bo‘lgan. Xat mazmuni esa quyidagicha: 

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-57-sonli, 2024 yil 31 maydagi “Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-222-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha Respublika Shtabi rahbarlari tomonidan joriy yilda o‘tkazilgan 7-sonli yig‘ilish topshiriq va ko‘rsatmalarini inobatga olib, sizning tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan ob’ektingizda ushbu talabnoma berilgan kundan boshlab 10 ish kuni muddatida elektr energiyasidan foydalanishda doimiy yashil muqobil energiyaga (quyosh panellari, geokollektorlar, zamonaviy gaz gorelkalari, kompensatsiya qilish uskunasi) o‘tkazish va iqtisod qilish lozimligini bildiramiz”.

Shuningdek, ogohlantirish xatida tadbirkorlar yuqoridagi talabni 10 ish kunida bajarmagan taqdirda hech qanday ogohlantirishsiz elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotidan uzilishi aytiladi. Xatni Olmazor tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari R.Mirsultonov va “Olmazortumangaz” gaz ta’minoti korxonasi nomidan lavozimi ko‘rsatilmagan F.Qo‘chqorov imzolagan va ogohlantirish xati haqiqiyligi muhr bilan tasdiqlangan. 

QALAMPIR.UZ’da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlariga bunday ogohlantirish xatlari nafaqat Olmazor tumani va Toshkent shahri, balki butun respublika bo‘ylab yo‘llanmoqda. Vaziyatdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, ish boshida prokuratura organlari turgan bo‘lishi mumkin. 

Tahririyat jurnalisti bilan shaxsi sir qolishi sharti bilan suhbatda bo‘lgan soha vakiliga ko‘ra, “quyosh panellarini o‘rnat”, deb majburlashga aslida hech kimning haqqi yo‘q. Ammo tadbirkorlar quyosh panellarini o‘rnatmagan taqdirda xodimlar yuqoridan kelgan topshiriq sabab korxonani “svet”dan uzishga majbur bo‘ladi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning bergan bayonotidan vaziyat shu darajaga yetib borgani ayonki, tuman elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan tadbirkorlarga bosim tariqasida yo‘llanayotgan ogohlantirish xatlaridan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bexabar yoki boshqaruvni allaqachon yo‘qotib bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkorlar quyosh paneli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing