“Tadbirkor bo‘lganimdan, mol boqqanim yaxshi” – Quyichirchiqda Oliy sud qarorining kuchi yo‘q
Jamiyat
−
11 fevral 2020
104952020 yilning boshida quyichirchiqlik fermer Akmalxo‘ja Tursunxonovning yeri Toshkent viloyati, Quyichirchiq tuman hokimi tomonidan noqonuniy tortib olingani haqida maqola e’lon qilgan edik.
Maqolada tuman hokimi oz emas, ko‘p emas naq 380 gektar yerni noqonuniy tortib olgani Oliy sud tomonidan e’tirof etilib, yerni qaytarish haqida qaror chiqarilgan bo‘lsa-da, tuman hokimi hali-hanuz otdan tushsa ham, egardan tushmay kelayotgani aytilgan.
Dastavval, maqoladan so‘ng, Adliya vazirligi bu ish o‘rganilgani, tuman hokimiga ogohnoma kiritilganini ma’lum qildi.
So‘ngra, Bosh prokuratura bu ish Oliy sudda ko‘rilayotganini qayd etib, Quyichirchiq tuman hokimi Oliy sud qaroridan norozi bo‘lib, Rayosatga shikoyat qilganini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Oliy suddan ham ma’lumotnoma keldi. Tuman hokimi shikoyati qabul qilinmagan va u qonunni buzgan degan tamg‘a olib tashlanmagan ekan.
Ushbu voqealardan so‘ng, “o‘zim xon, ko‘lankam maydon” deydigan tuman hokimi qonunga, Oliy sud qaroriga bo‘ysunib yerni qaytarib bergan bo‘lsa kerak, desak... Ko‘ringki, amaldorga bu ham kor qilmabdi.
Akmalxo‘ja Tursunxonov, “Guliston agro fayz” fermer xo‘jaligi rahbari:
— “Oliy sud qarori qo‘limda bo‘lgani bilan hech qanday shartnoma munosabatlarini tiklay olmayapman. Yerimga qonuniy egalik qila olmayapman. Shundan so‘ng, Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritib, bir kunda ajrim chiqarilib, 5 kunda sud belgilanib, yerga bo‘lgan huquqdan mahrum qilish bo‘yicha ish boshlanyapti. Menga tegishli ishni ko‘rish o‘zi tumanda ikki oyga cho‘zilgan edi. Bular 5 kun ichida sudni boshlashmoqda. Bunda tashqi bosim bo‘layotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.
OAVda chiqishimdan so‘ng, mendan kamchilik qidirib yurishibdi. Bir vaqtlar tuman rahbarlari Oliy sud qarorini olib kelsam, yerimni qaytarib berishlarini aytishgan edi. Oliy sud qarorini olib kelsam ham hech qanday natija yo‘q. Oxiri qo‘limizni ko‘taramiz, shekilli. Bunday tadbirkorlik qilgandan mol boqqanim yaxshi.
Prezidentimiz murojaatnomada sud ostonalarida adolatni his qilish kerakligini aytishgandi. Bu ishlarga hech kim – prokuratura ham, Adliya vazirligi ham hech qanday chora ko‘rmayapti. Oliy sud qarori – kuchi yo‘q xujjat ekan. Bu mutasaddilarning ishlari Prezident gaplariga qarshi bo‘lyapti”.
Oliy sud qarorini na prokuror va na hokim ijroga qaratgan. Vaholanki, o‘z vaqtida tuman prokurorining shaxsan o‘zi Oliy sud qarorini olib kelsa, amalga kiritishini va’da qilgan.
Quyichirchiqda shunday hangomalar. Bir kulging keladi, bir yig‘laging... Bir yoqda Oliy sud qarori uvol bo‘lmoqda, bir tarafda prokuror befarqligi, o‘rtada tadbirkor sarson. Yurtni rivojlantirish tadbirkorga bog‘liq bo‘lib turganda, fermer qonuniy yeriga egalik qilolmasa... Buni qanday tushunish mumkin? Yoki Toshkent viloyatida boshqa qonunlar amaldami?
LiveBarchasi