Toshkentda hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kreditni “jig‘ildoniga urdi”
3-sahifa
−
10:47 524 1 daqiqa
Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumanida hokim yordamchisi fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larini o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quyichirchiq tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum bo‘lishicha, “Oydinobod” MFY hokim yordamchisi Sh. G. 4 nafar fuqaroning ishonchiga kirgan.
U mazkur fuqarolar aslida “Oydinobod” mahallasi hududida yashamasligiga qaramay, bankka taqdim etilgan tavsiyanomalarda ularni shu mahalla aholisi sifatida ko‘rsatgan. Natijada fuqarolarga jami 130,2 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.
Biroq kredit mablag‘lari belgilangan maqsadlarda emas, hokim yordamchisining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan Sh. G. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida tadbirkorning soliq qarzini kamaytirib berish evaziga pul olgan Jizzax shahar soliq inspeksiyasi bosh inspektori qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi