Tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar chegaralarni tan olmaydi – Shavkat Mirziyoyev 

Jamiyat

image

Yagona tabiiy makonda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak. Bu haqda bugun, 31 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvida so‘z ochdi.

O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, mintaqaviy hamkorlikning barqaror arxitekturasini shakllantirishga o‘tish vaqti keldi. Uning tuzilishi hamkorlikning samarali institutlari, tarmoq idoralarining yaqin munosabatlari, hududlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalari hamda rivojlanishning asosiy yo‘nalishlaridagi uzoq muddatli qo‘shma dasturlarga tayanishi zarur.

“Mintaqamizning xalqaro sub’ekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish lozim.

Savdo-iqtisodiy va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, uzluksiz sanoat-texnologik zanjirlarni kengaytirish, umumiy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda investitsiya platformalarini ishga tushirish bo‘yicha kelgusi qadamlarni puxta ishlab chiqish lozim”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbarining bildirishicha, Markaziy Osiyo ta’lim, ilm-fan va katta ma’lumotlar sohasida innovatsiyalar bo‘yicha raqobatbardosh xabga aylanishi kerak. Bunga kadrlar salohiyati, sun’iy intellekt texnologiyalari, data-markazlar va energetika quvvatlarini birlashtirgan yaxlit infratuzilmani yaratish orqali erishish mumkin.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Yagona tabiiy makonimizda yuzaga kelayotgan tahdidlar davlat chegaralarini tan olmaydi, shunday ekan, ularga javob choralari ham umumiy bo‘lishi kerak.

Joriy yilgi yozning anomal darajada issiq kelishi iqlim o‘zgarishi allaqachon iqtisodiyot, suv va energetika xavfsizligi, odamlarning salomatligi va hayot sifatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan omilga aylanib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ana shunday yangi xavf-xatarlarga birgalikda moslashish bo‘yicha uzoq muddatli yechimlarni topish muhimdir”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, hamkorlikning o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishlari orasida gumanitar aloqalar muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo xalqlari asrlar davomida yonma-yon yashagan, savdo-sotiqni rivojlantirgan, bilim va madaniy an’analar bilan o‘zaro almashgan. Zamonaviy hamkorlik chuqurlashgani sari hamjihatlik tuyg‘usi ham mustahkamlanmoqda. Umummintaqaviy o‘ziga xoslik, xalqlarimizning milliy o‘zligi saqlangan holda bosqichma-bosqich shakllanmoqda.

“Ishonchim komil, ushbu sohadagi ishlarning mohiyati sifat jihatidan o‘zgarishi xalqlarimiz o‘rtasidagi birlik, hamjihatlik va o‘zaro tushunish tuyg‘usini mustahkamlaydi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha bugun aytib o‘tilgan tashabbus va takliflarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va butun qozoq xalqiga yangi Qurultoyga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Cho‘lponotada bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining norasmiy Maslahat uchrashuvi majlisida Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizlikning yangi tahdidlariga birgalikda qarshi turishi va mintaqaning energetik mustaqilligini mustahkamlashi zarur ekanini aytgan edi. Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Markaziy Osiyo o‘z tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrni boshdan kechirayotganini bildirdi. Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa joriy yilning 8 oktyabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida Markaziy Osiyo yetakchilari va Ozarbayjon rahbarining maslahat uchrashuvini o‘tkazilishini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing