Ta’tilga chiqqan Mirziyoyev, “Chorsu”siz qolgan investor, lavozimi ko‘tarilgan Mirziyoyeva va boshqa xabarlar

Jamiyat

5 avgust kuni ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim voqealariga to‘xtalib o‘tamiz.

Shavkat Mirziyoyev ta’tilga chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5 avgustdan e’tiboran   qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Davlat rahbarining ta’tili O‘zbekiston hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgani aytilgan.

Qozog‘iston xavotir bildirdi

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi AQSHning oraliq va qisqa masofali raketalarni yo‘q qilish haqidagi kelishuvdan chiqib ketayotganidan xavotir bildirdi.

AQSHning shartnomadan chiqishi, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, global miqyosda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi qurollanish poygasiga olib kelishi mumkin. Ta’kidlanishicha, Qozog‘iston har doim barcha ishtirokchi davlatlar tomonidan shartnoma shartlariga qat’iy rioya qilish tarafdori bo‘lib kelgan.

Dovonda An-2 samolyoti halokatga uchradi

Kecha, 4 avgust kuni Tojikistonda An-2 samolyoti halokatga uchradi. Natijada bir kishi vafot etdi, yana biri jarohatlandi. Voqea Fahrobod dovonidagi aeroklubda yuz berdi. Armiya, aviatsiya va flotga ko‘maklashish ko‘ngillilar jamiyati vakili Abduraqib Qodirovning xabar berishicha, samolyot keskin qo‘nishni amalga oshirgan.

Ahmet Demir “Chorsu” mehmonxonasini qo‘ldan boy berdi

Xabaringiz bor, 2018 yil 9 martdagi shartnomaga ko‘ra, sobiq “Chorsu” mehmonxona majmuasi turkiyalik tadbirkor Ahmet Demirga qator shartlar bilan berilgandi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qilishicha, xorijiy korxona tomonidan oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilmagani sababli, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yilning 2 iyuldagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi shartnoma bekor qilingan.

O‘shanga 20 yil bo‘ldi

1999 yil 5 avgustda, bundan 20 yil oldin, Rossiya prezidenti Boris Yelsin FXX direktori Vladimir Putinning kabinetiga qo‘ng‘iroq qilib, unga hukumat rahbari lavozimini taklif qildi va shu bilan birga “eng yuqori lavozim” haqida o‘ylagandi.

Dilyaver Gulyam Payariqda nima qilyapti?

Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Imom Buxoriy majmuasi yaqinida AQSHning “GMFR-AL-BUKHARI” kompaniyasi tomonidan to‘rt yulduzli zamonaviy mehmonxona qurilishi boshlandi. 

Kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan AQSHlik tadbirkor Dilyaver Gulyam tomonidan qurilayotgan to‘rt yulduzli, 120 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona 2020 yilda foydalanishga topshiriladi. 

Buxoroda avtobus YTHga uchradi

Kecha, 4 avgust kuni soat 18:30 larda Buxoro viloyati hududida yo‘l transport hodisasi yuz  berishi natijasida bir kishi halok bo‘ldi. YTH “Olma-ota – Nukus” halqaro avtobus yo‘nalishida harakatlanib borayotgan Qozog‘iston Respublikasi “Yug Trans Layn” avtokorxonasiga tegishli bo‘lgan VANHOOL rusumli avtobus ishtirokida Jondor tumani “Luqmon” MFYga qarashli cho‘l massivi hududidan o‘tuvchi A-380 xalqaro yo‘lining 299 kilometrida sodir bo‘ldi.

Mirziyoyev ta’tildaligida uning vazifasini kim bajaradi?

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli ta’tilga chiqqani haqida xabar bergan edik.

Bu Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazirlik va Prezidentlikdagi ilk ta’tili ekani ta’kidlanyapti. Ya’ni, Shavkat Mirziyoyev 17 yil ichida – 14 yil Hukumat rahbari va 3 yil davlat rahbari sifatida biror marta ta’tilga chiqmagan.

Havo harorati 1833 yildagi rekordni yangiladi

Bir paytlar Yevropaning yomg‘irli poytaxtlaridan biri bo‘lgan Bryusselda quyosh shafqatsiz darajada ko‘tarilgan. Belgiyada 1833 yildagi mutlaq rekord buzildi: Klein Brogelda harorat 40,6 gacha ko‘tarilgan.

“Mehribon Prezident” ta’tilni qanday o‘tkazayotgani ko‘rsatildi

urkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning ta’tili davom etmoqda. Kecha, 4 avgust kuni mahalliy telekanalda davlat rahbarining ta’tilni qanday o‘tkazayotgani haqida lavha efirga uzatildi. 35 daqiqalik informatsion dasturning naq 28 daqiqasi Turkmanboshining ta’tiliga bag‘ishlandi. 

Shahnoza Mirziyoyeva yangi lavozimga tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligida boshqarma boshlig‘i etib tayinlandi. Vazirlar Mahkamasining 1 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hay’ati a’zolari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida” qarori shundan darak bermoqda.

Jasliqda saqlanayotgan Shuhrat G‘ulomov endi qaysi qamoqxonaga jo‘natiladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 avgust kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘iroq tumani Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan va xalq tilida “borsa kelmas” deb nom olgan ushbu qamoqxonada 395 kishi saqlab kelinayotgan edi. Ular orasida sobiq MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov ham bor.

O‘zbekistonda havo harorati qachon pasayadi?

O‘zbekitonda 10-11 avgustga borib, harorat pasayadi va 33-38 darajani tashkil qilishi kutilmoqda. Iyul oyi O‘zbekistonda ham mintaqa yozi uchun ham juda issiq keldi. Bu yil O‘zbekistonda butun meteorologik kuzatuvlar davrida barcha hududlar, xususan Toshkentda ham eng issiq iyul oyi bo‘lgan.

Rossiyada yirik qurol-aslaha ombori portladi (video)

ossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Achin tumani Kamenka qishlog‘idagi qurol-aslahalar omborida yong‘in boshlanishi ortidan yirik portlashlar boshlandi. Yong‘in va portlash natijasida bir nafar harbiy halok bo‘lgan. To‘rt kishi jarohatlangan. Rossiya FVVning ma’lum qilishicha, yonayotgan omborning 20 km radiusda aholi evakuatsiya qilinyapti. Buning uchun avtobuslar ajratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing