Ta’lim jarayoni masofaviy tashkillashtirilgani uchun kontrakt puli arzonlashadimi?
Jamiyat
−
18 aprel 2020
6464Masofaviy ta’lim jarayoniga qo‘shimcha mablag‘lar sarflanayotgani uchun kontrakt miqdori o‘zgarishsiz qoladi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farxod Babashev AOKA shtabidagi brifingda ma’lum qildi.
“2020 yilning 1 aprelidan boshlab, oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun masofaviy ta’lim berish joriy etilganligi munosabati bilan uni tashkil etish va moddiy bazasini yaratishga oliy ta’lim muassasalari tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar sarflanmoqda.
Masofaviy ta’lim bevosita (muloqotdagi auditoriya mashg‘ulotlari) o‘quv jarayoni grafigining ikki oyi bo‘yicha kiritilyapti.
Demak, talabalar tomonidan joriy o‘quv yili uchun belgilangan kontrakt to‘lovlari to‘liq amalga oshirilishi lozim“, deydi Babashev.
Shuningdek, Farxod Babashev, karantin davrida o‘z uylarida yashayotgan viloyatlik talabalarga talabalar turar joyi uchun to‘lov pullari qaytarib berilishini aytib o‘tdi. Uning aytishicha, ushbu pulni keyingi yil TTJ to‘lovi uchun ham o‘tkazish imkoniyati mavjud.
“Oliy ta’lim muassasalari TTJda yashovchi talabalar o‘quv yili uchun belgilangan to‘lovlarni to‘liq amalga oshirgan bo‘lsalar, foydalanilmay qolgan oylariga to‘langan mablag‘lari talabaning yozma murojaatiga asosan qaytarib beriladi yoki uning roziligi bilan keyingi o‘quv yiliga o‘tkazilib, yotoqxonada yashashi uchun qayta hisoblab beriladi“, deydi vazirlik axborot xizmati rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yilining bahorgi semestri joriy yilning 1 iyul kuniga qadar to‘liq yakunlanishi haqida xabarlarga munosabat bildirgan edi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr