O‘zbekistonda ikki ta’lim vazirligi birlashtirildi
Jamiyat
−
21:23 2680 2 daqiqa
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tegishli farmonni imzoladi.
Qayd etilishicha, ushbu islohotning asosiy maqsadi mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi darajaga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha turlari o‘rtasidagi o‘zaro uzviylik va bardavomlikni ta’minlash, maktabgacha ta’limdan tortib oliy ta’limgacha barcha bosqichlarni hamda ilmiy faoliyatni qamrab olgan yagona samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, uning jamoatchilik oldida hisobdorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni va qarori bilan Ilhom Tohirovich Sirojev O‘zbekiston Respublikasi ta’lim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 2022 yil 24 dekabrda Prezidentning “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son farmoniga asosan tashkil etilgandi. U sobiq Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligining birlashtirilishi natijasida tuzilgan va 2023 yil 1 yanvardan rasman o‘z faoliyatini boshlagan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huddi shu 2022 yil 24 dekabrdagi farmonga ko‘ra, sobiq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish vazirligini birlashtirish orqali tashkil etilgan bo‘lib, u ham 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran yagona vazirlik sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Live
Barchasi