Imtihondan yiqilgan abituriyentlarga “oltinchi yo‘nalish”ga qabul boshlandi
Jamiyat
−
22 avgust 1768 2 daqiqa
Avvalroq, Oliy ta’lim tashkilotlari departamenti boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov abituriyentlar uchun vakant o‘rinlarga qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi va ularga kamida beshtagacha ta’lim yo‘nalishini qayta tanlash imkoniyati berilishini aytgan edi. Bugun, 22 avgust kunidan abituriyentlarga mazkur qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Qo‘shimcha tanlovda kirish imtihonlarida kamida 56,7 ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar ishtirok etishi mumkin. Bu imkoniyat ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlarga ham beriladi.
Qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida 80 ta oliy ta’lim muassasasida 31 823 ta vakant o‘rin mavjud.
Abituriyentlar 22 avgustdan 28 avgustgacha (shu kuni ham) agentlikning my.uzbmb.uz platformasi orqali qo‘shimcha tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. Bunda fanlar majmuasi va ta’lim tili mos bo‘lgan hamda vakant o‘rin mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarini tanlash mumkin bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, abituriyentlar vakant o‘rinlarga to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda, bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etiladi. Tanlov yakunlangach, tegishli qaydnomalar shakllantirilib, oliy ta’lim tashkilotlariga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi