O‘zbekistonda talabalar uchun “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilindi

Jamiyat

image

Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida “Dolzarb qirq kunlik” e’lon qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026 yil 21 avgustdagi 356-son buyrug‘i bilan ta’lim tashkilotlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.

Shuningdek, joriy yilning 20 avgustidan 30 sentyabrigacha oliy ta’lim muassasalarida “Dolzarb qirq kunlik” o‘tkaziladi. Ushbu davrda talabalarni yangi o‘quv yiliga munosib kutib olish, ularni turar joy bilan ta’minlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni tezkor bartaraf etishga e’tibor qaratiladi.

2026/2027 o‘quv yilida darslar 1-bosqich talabalari uchun 7 sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori kurslar uchun esa 14 sentyabrdan boshlanadi.

Talabalikka tavsiya etilgan shaxslarga to‘lov-kontrakt mablag‘larini shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lagunga qadar farmoyish asosida o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashishga ruxsat beriladi.

Birinchi bosqich talabalari uchun yangi o‘quv yilida tantanali kutib olish marosimlari, “Kredit ta’limi tizimiga kirish” haftaligi hamda “Talabalikka bag‘ishlov” tadbirlarini tashkil etish belgilangan.

Sentyabr oyida ta’lim tashkilotlarida “Yagona vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yarataylik!” shiori ostida “Mustaqillik darslari” ham o‘tkaziladi. Ularda jadidlik harakati namoyandalari va qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar, davra suhbatlari, uch avlod uchrashuvlari, viktorina va ko‘rik-tanlovlar hamda sport musobaqalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, oliy ta’lim tashkilotlari oldiga o‘quv binolari va talabalar turar joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirish hamda o‘quv-uslubiy hujjatlar bilan ta’minlash vazifalari qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilida akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonlari qaysi sanadan boshlanishi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing