“Britancha” shtamm sabab ta’lim muassasalari yopiladimi?

Jamiyat

Xabaringiz bor, joriy yilning 30 yanvar kuni O‘zbekistonga koronavirusning “britancha” shtammi kirib keldi. Bu shtamm odatiy koronavirusdan yuqumliroq ekani bilan tavsiflanyapti.

Eng yomoni odatiy koronavirus asosan yoshi kattalar uchun xavfli bo‘lib, bolalarni chetlab o‘tgan bo‘lsa, bu shtamm aynan bolalar uchun xatarli deb qaralyapti. Shunday sharoitda O‘zbekistonda ta’lim jarayoni qay shaklda davom ettirilishi borasida savollar ko‘paydi. Bu masalaga aniqlik kiritish uchun “britancha” koronavirus sabab ta’lim muassasalari yopilishi mumkinmi, degan savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekovga yuzlandi.

“Maktabgacha ta’lim muassasalari yoki ta’lim muassalari yopilishi haqida fikr yo‘q. Qachonki yoki karantin tadbirlari joriy qilinsa, albatta, xavf guruhiga kiruvchi aholi qatlamiga alohida e’tibor qaratiladi. Bunga ehtiyoj bo‘lmasin. Agar bo‘ladigan bo‘lsa, qaysi guruh, qaysi aholi qatlami havf guruhiga mansub ekanligini aniqlagan holda biron-bir qarorga kelinadi. Shunday ekan bu borada mutaxassislar fikri va takliflari asosida hukumat tomonidan qaror qabul qilinadi”, dedi Otabekov.

Avvalroq, qanday sharoitda O‘zbekistonga kuchaytirilgan karantin qaytishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan edik.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirusning "britancha" shtammi oilasi bilan Dubayga borib kelgan 10 yoshli qizda aniqlandi. U joriy yilning 23 yanvarida Toshkentga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq karantin choralari 2020 yilning 16 martidan e’lon qilingan edi. Bu orada mamlakatda ikki marta kuchaytirilgan karantin tadbirlar hukm surdi. So‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Sentyabr oyiga kelib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 25 dekabridan boshlab xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar mamlakat xalqaro aeroportlarida antigen testini topshirishi majburiy etib belgilandi. 21 dekabrdan 2021 yilning 10 yanvarigacha Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatildi


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

427

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing