Bajarilmagan va’dalar, qaytgan Nizomiddinov, AQSHning qo‘llovi, O‘zbekistonda yana “snos”– Hafta tahlili

Tahlil

Dunyo tebranyapti. Urushlar qayta olovlanyapti. G‘azoda qirg‘in kuchaygan, odamlar, ayniqsa, go‘daklar och. O‘zbekiston ham jim turmayapti. Uzoqdagi shamol bizda ham sezilyapti. Iqtisodiy bo‘hronlarni aytmaysizmi?

Shu hafta “Siqilma” nomli qo‘shiq O‘zbekistonda trendga chiqdi. Balki bu qo‘shiqning ommalashishi sababi oddiy o‘zbekistonliklarning kundalik muammo va tashvishlari, hech to‘lmayotgan ro‘zg‘or g‘amlarini kuyga solgani uchundir, balki. Yana kim biladi deysiz.

Endi elektr va gaz narxi har yili oshadi

Ustozlarimdan biri “odatda va’dalar bajarilmaydigan ishlar uchun beriladi”, deb aytardi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 iyundagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 337-sonli qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi belgilangan edi. Ammo… Qaror kuchga kirishidan bir kun oldin – 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yana bir qaror qabul qildi va endi elektr va gaz narxi har yili oshadigan bo‘ldi!

Yangi qabul qilingan qarorga ko‘ra, 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan elektr energiyasi iste’moli uchun alohida tariflar joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi qaroriga ko‘ra, 2025 yilning 1 aprelidan elektr va gaz uchun narxlar oshishi kutilayotgan edi. Faqat Prezident topshirig‘iga binoan bu muddat bir oyga uzaytirilib, narxlar oshish sanasi 1 may etib belgilandi.

Kutilayotgan narx siyosatiga ko‘ra maishiy iste’molchilar uchun oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha sarflangan elektr energiyasi uchun narx 1000 so‘mdan hisoblanishi kerak edi. Hukumatning 31 martdagi so‘nggi qaroriga ko‘ra esa, bu narx 800 so‘m etib belgilandi.

Qisqacha aytganda, hozirda maishiy iste’molchilar 200 kVtgacha 450 so‘m; 201 kVtdan 500 kVtgacha 900 so‘m to‘lamoqda. 1 maydan boshlab esa 200 kVtgacha 600 so‘m; 201 kVtdan 500 kVtgacha esa 800 so‘m (1000 so‘m o‘rniga) to‘lanadi. Shunda har ikki holda ham iste’molchilar umumiy hisobda 360 ming so‘m to‘laydi.

Ana endi doim beriladigan-u, lekin bajarilmaydigan va’daga jiddiyroq to‘xtalsak. Chunki Vazirlar Mahkamasi 2019 yilning 13 aprel kuni qabul qilgan va bugunga kelib o‘z kuchini yo‘qotgan “Elektr energetika tarmog‘ida tarif siyosatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham elektr energiyasi uchun belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflar 2023 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qiladi, deb va’da bergan edi.

Yangi qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab har yili 1 mayda elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib boriladi. Ya’ni har yili mamlakatda inflyatsiyadan kelib chiqib narx ko‘tariladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yilda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etgandi. Bu agar joriy yilda inflyatsiya 10 foizni tashkil etsa, kelasi yilda “svet” va gaz narxining ham 10 foizga oshishini anglatadi.

“Tariflarning kelgusi yillarda ham oshishda davom etishi bu energetika islohoti deb nom olgan jarayonlar ma’no-mazmunini butkul yo‘qotganini anglatadi. O‘zbek iqtisodiyoti o‘zi busiz ham yuqori bo‘lmagan raqobatbardoshliligini yo‘qotishda davom etaveradi, endi tariflar erkin bozorga o‘tishdan avvalgi ko‘prik emas, samarasiz va qimmatlashtirilgan loyihalar uchun tovon, tinimsiz o‘sayotgan qarzlarga xizmat ko‘rsatish uchun aholi va biznes cho‘ntagidan mablag‘larni sug‘urib olinadigan vositaga aylanib qoldi”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov. 

Zaynilobiddin Nizomiddinov Bekobod hokimi etib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining sobiq rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning yana siyosiy sahnaga qaytishi so‘zsiz nafaqat tugayotgan haftaning, balki oyning asosiy voqealaridan biri bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 2022 yilning iyulida sodir bo‘lgan Nukus voqealari fonida lavozimidan olinib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan Nizomiddinov 7 aprel kuni Bekobod tumani hokimligiga tayinlandi.

Shu kuni o‘tkazilgan Xalq deputatlari Bekobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, tuman hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Shuhrat Do‘stbekov yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etilganini e’lon qilgan va Nizomiddinov nomzodini hokimlikka ko‘rsatgan. Deputatlar esa viloyat hokimi taklifini bir ovozdan ma’qullagan.

Zaynilobiddin Nizomiddinov 2022 yilgacha Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy faoliyati davomida unga xos odamlardan biri sifatida ko‘rib kelingan. Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lib ishlagan kezlarda Nizomiddinov ham Vazirlar Mahkamasida faoliyat yuritgan va bosh vazirga eng yaqin amaldorlardan bo‘lgan. 2017 yildan keyin esa u Prezident Administratsiyasida ijro etuvchi apparat mudiri lavozimida, Zelimxon Haydarovning o‘rnida ish boshlagan. 2018-2022 yillarda esa Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimida ishlagan. U ketgach, bu lavozimni Bosh vazir o‘rinbosari darajasigacha ko‘tarilgan Sardor Umurzoqov egalladiyu, faqat u ham uzoq qolmay, bir yildan keyin, 2022 yilning 13 avgust kuni ishdan ketdi. Administratsiya rahbari lavozimi esa tugatildi.

Prezident Administratsiyasidan ketishiga salomatligidagi muammolar sabab qilib ko‘rsatilgan Zaynilobiddin Nizomiddinovning katta siyosiy sahnaning bir chekkasiga qaytarilishini ekspertlar siyosiy reabilitatsiya, deb atamoqda. Chunki ko‘pchilik Nizomiddinovni o‘sha vaqtdagi Konstitutsiyaning 70, 71, 72, 74, 75-moddalariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ortidan 2022 yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda kelib chiqqan namoyishlardan keyin ishdan olinganini aytadi. Albatta, bu rasman tasdiqlanmagan. Biroq namoyishlar sabab ushbu moddalar o‘zgarishsiz qoldi.

Toshkentga kelgan zambiyalik amaldor rasmiy xizmat safari paytida vafot etdi

Zambiya Milliy Assambleyasi (parlament) kotibi Roy Ngulube rasmiy xizmat safari davomida poytaxt Toshkentda vafot etdi. U 5-9 aprel kunlari O‘zbekiston mezbonlik qilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubileyi tadbirlarida ishtirok etish uchun Milliy Assambleya spikeri Nelli Mutti boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Toshkentga kelgan edi.

Marhum parlament tizimida 20 yildan ortiq xizmat qilgan va bu davrda boy tajriba orttirgan.

5 kun davom etgan tadbirlarga to‘xtalsak. 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoqning Assambleyasi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida bo‘lib o‘tdi. Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Blerdan, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Buyuk millat majlisi Raisi No‘man Qurtulmush kabi xalqaro darajada tanilgan siyosatchilar Prezident Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.

Mirziyoyev Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Uning qayd etishicha, so‘nggi o‘ttiz yilda jahon yalpi ichki mahsuloti hajmi 4,5 barobarga ortgan. Shunga qaramay, insoniyatning kambag‘al qatlamlari daromadlari deyarli o‘zgarmagan. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, 2030 yilga borib dunyo aholisining 575 millioni qashshoqlikda umr kechiradi. 84 million bola esa ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

“So‘nggi yillarda dunyoning turli mintaqalarida qurolli to‘qnashuvlar, ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari tobora kuchayib bormoqda. Bunday o‘ta murakkab sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirishni zamonning o‘zi talab etmoqda”.

Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib borayotganini eslatdi. U dunyo sahnasida davom etayotgan ikki yirik urush – Rossiya va Ukraina, Isroil va Falastin mojarosiga to‘xtaldi.

“Jahonning turli mintaqalaridagi nizolar global va mintaqaviy tinchlik va xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda. O‘zbekiston har qanday ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat diplomatiya va tinch muzokaralar yo‘li bilan hal etishning qat’iy tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidlamoqchiman. Umid qilamizki, Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha boshlangan muzokaralar jarayoni o‘zining ijobiy natijasini beradi. 

Eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquqning umume’tirof etilgan me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi va rezolyutsiyalari asosida yechim topish muhim, deb hisoblaymiz. Jumladan, Falastin – Isroil nizosining yagona va adolatli yechimi “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir”, dedi Prezident.

Shuningdek, Mirziyoyev yana Afg‘oniston haqida so‘z ochib, uning xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik, amaldagi hukumat bilan konstruktiv muloqot o‘rnatish, Afg‘onistonga Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi va yangi imkoniyatlar makoni sifatida qarash lozim ekanini urg‘uladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotini universal va muqobili yo‘q yagona global tuzilma sifatida e’tirof etdi.

Prezident so‘zini yakunlar ekan, O‘zbekistonda so‘nggi 8 yilda 7 million aholi kambag‘allikdan chiqarilgani, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirilgani, yil oxirigacha esa bu raqam 6 foizni tashkil etishi rejalanganini qistirib o‘tdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHda bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHga borib, Tramp ma’muriyati a’zolari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

7 aprel kuni Komilov Vashingtonda AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston tomoni rasmiy axborot bergani yo‘q. AQSH Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan axborotnomada esa Abdulaziz Komilovning lavozimi Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili emas, balki O‘zbekiston Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari o‘laroq ko‘rsatildi. O‘zbekiston matbuotida esa Komilovning bu lavozimga tayinlangani haqida ma’lumotlar mavjud emas.

Uchrashuvda AQSH O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashi hamda AQSH-O‘zbekiston strategik sherikligi yanada ilgari surilishi ta’kidlangan.

Davlat kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonning fuqarolik atom energetikasi, muhim foydali qazilmalar va iqtisodiyotning boshqa biznes sohalariga investitsiyalar kiritish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan hamda noqonuniy immigratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy hamkorlik uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.

9 aprel kuni esa Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Vashingtonda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan uchrashdi.

Saidovning bildirishicha, u Marko Rubio bilan O‘zbekiston-AQSH munosabatlarining hozirgi holati va istiqboldagi yo‘nalishlari bo‘yicha har tomonlama fikr almashgan. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, mintaqaviy aloqalarni rivojlantirish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy qarashlarni chuqurlashtirish kabi muhim yo‘nalishlar kun tartibidan o‘rin olgan.

“AQSHning O‘zbekistondagi islohotlar jarayonlarini izchil qo‘llab-quvvatlayotganini yuqori baholaymiz. Strategik sheriklik doirasidagi yuqori darajadagi muloqot va amaliy hamkorlikni davom ettirish orqali ikki tomonlama munosabatlardagi ijobiy dinamikani qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik”, deb yozgan u.

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha global koalitsiyaga to‘laqonli a’zo bo‘lishga qaror qilgan va Davlat kotibi Rubio Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda buni olqishlagan. Rubio, shuningdek, O‘zbekistonga AQSHdan deportatsiya qilinganlarini qaytarishga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirgan. Biroq rasmiy Toshkent ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha global koalitsiyaga qo‘shilish borasida hozirgacha miq etmadi.

“Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan xavfsiz atom energiyasi texnologiyalarini modernizatsiya qilish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sarmoyalarni ko‘paytirish, strategik sherikligimizni yanada rivojlantirish maqsadida muhim foydali qazilmalar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga intiladi”, deydi Davlat departamenti voizi.

Delegatsiya tarkibida AQSHga borgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov esa yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan uchrashib, foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolagan. Shuningdek, foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish, yuqori darajada maydalash komplekslarini (HPGR) qurish, innovatsion texnologiyalarni jalb etish va muhim xomashyo uchun qo‘shilgan qiymat yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

AQSH bojlari O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadimi?

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSHning tashqi savdo hamkorlariga nisbatan “o‘zaro” bojlar joriy etishi dunyo iqtisodini izdan chiqarib yubordi, bu tebranishlar esa O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma’lumki, bojlarning minimal bazaviy darajasi 10 foizni tashkil etdi, biroq bir qator davlatlar uchun bojlar AQSHning ushbu mamlakatlar bilan savdo taqchilligiga qarab individual ravishda hisoblab chiqilgan. Masalan, O‘zbekiston uchun, 10%, Xitoy uchun bojlar 145 foizni, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizni tashkil qiladi.

Trampga javoban Xitoy AQSH mollariga bojlarni 125 foizgacha ko‘tardi.

O‘zbekistondan biror rasmiy hozirgacha AQSH tomonidan o‘rnatilgan import bojlariga munosabat bildirgani yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyev esa tugayotgan haftada hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida AQSH nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, xalqaro bozorda kuzatilayotgan hodisalarga to‘xtaldi.  Prezident dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotilganini aytgan.  

“Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi. Axir, bu mablag‘larning bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku! Bu sharoitda barcha hokimlar, iqtisodiy kompleks hududlar iqtisodiyotini kunlik tahlil qilishi, ishlab chiqarish hajmlari, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shug‘ullanishi kerak”, deydi Prezident.

Aytish o‘rinliki, AQSH Prezidenti Donald Tramp 90 kun davomida savdo bo‘yicha hamkorlarga nisbatan keng ko‘lamli bojlarni joriy etishni to‘xtatib turishini ma’lum qildi. Bu qaror 75 dan ortiq davlatning AQSHdan bojlar va savdo to‘siqlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishni so‘ragani bilan bog‘liq. Biroq shu muddat ichida har bir mamlakat uchun 10 foizlik boj amal qiladi.

“Abdulloh” nomi bilan tanilgan bloger qamoqqa olindi

Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zbekistonliklarni milliy, etnik, diniy, irqiy haqoratlab kelgan “Abdulloh” nomi bilan tanilgan bloger Valeriy Yugay qamoqqa olindi.

Ushbu shaxs joriy yilning 24 mart kuni Abu-Dabi – Samarqand reysi orqali O‘zbekiston Respublikasi hududiga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Valeriy Yugayga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish bo‘yicha sudlangan o‘zbekistonlik AQSHdan deportatsiya qilindi

Bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish ayblovi bo‘yicha sudlangan O‘zbekiston fuqarosi AQSHdan deportatsiya qilindi. Bu haqda AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston fuqarosi M.A. bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida sotish bilan bog‘liq uchta jinoyatni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan. U qamoq jazosini o‘tab bo‘lgach, AQSH Immigratsiya va bojxona xizmati tomonidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

Shuningdek, AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi bunday jinoyatlarga qarshi kurash doirasida “Know2Protest” nomli milliy kampaniya davom etayotganini eslatib o‘tdi. Bu kampaniya bolalar, o‘smirlar, ota-onalar hamda kattalarni internetdagi jinsiy zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya va xabardor qilishga qaratilgan dastur hisoblanadi.

Tugayotgan haftada esa O‘zbekiston Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha “Bogota Chaqirig‘i” tashabbusiga rasman qo‘shildi. Ushbu yangilikda Ijtimoiy himoya milliy agentligi va BMTning UNICEF bolalar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida yangradi.

Chaqiriq bolalar huquqlari va farovonligini ta’minlash, huquqiy himoya, ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlar, bolalarni himoya qilish tizimlarini mustahkamlash, raqamli muhitdagi xavflarni bartaraf etish, asosiy manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamraydi.

Prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva esa xalqaro tashkilotlar vakillari qarshisida O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq muammolarni ochiq aytdi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda 13 million bola istiqomat qiladi, bu mamlakatimiz aholisining 35 foizini tashkil etadi. Har bir oilada o‘rtacha 3-4 nafar bola tarbiyalanmoqda. Afsuski, ko‘pincha oilalarda zo‘ravonlik unsurlarini o‘z ichiga olgan tarbiya usullari qo‘llaniladi. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik muammosi hamon eng dolzarb ijtimoiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda”, dedi u.

May oyida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. O‘zbekistonda davlat allaqachon bolalar mehnatidan voz kechgan bo‘lsa-da jamiyatda, oilada bolalar mehnatidan foydalanish, ularni ta’limdan ajratib olgan holda, og‘ir mehnatga majburiy-ixtiyoriy jalb qilish, tilanchilikka undash kabi holatlar ko‘p uchraydi. Hozir qaysi restoran yoki kafega bormang, qaysi chorrahada to‘xtamang, tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan bolalarga ko‘zingiz tushadi. Bolalarga nisbatan ta’lim muassasalari va oiladagi zo‘ravonlik esa ortgandan ortib bormoqda. O‘zbek oilalari hamon zo‘ravonlikni tarbiyaning asosiy qoidasi, deb biladi. Afsuski, mamlakatda allaqachon ota-onalik huquqidan mahrum qilish bilan bog‘liq qoidalar mavjud bo‘lsa ham bu amaliyotda qo‘llanilmaydi. Har holda men bugungacha biror tilanchilikka majburlanayotgan bolaning ota-onasi huquqidan mahrum qilinib, bola davlat nazoratiga olinganini eshitganimcha yo‘q.

“Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasi rekonstruksiyasi ortidan 217 ta uy buziladi

Samarqandda yana “snos”. “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasi rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan naq 217 ta uy buziladi. Madaniy meros agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Bildirilishicha, Samarqand shahrining “Chokardiza” qabristonida joylashgan “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, majmua atrofidagi buyuk ulamolarning qabrlarini qayta tiklash, hududlarni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini tashkil etish rejalashtirilgan.

Unga ko‘ra, “Imom Moturidiy” yodgorlik majmuasining atrofini kengaytirish maqsadida 217 ta fuqaroga tegishli bo‘lgan turarjoy binolari buziladi.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq uy-joylari buzilayotganlarning turarjoylari bozor qiymatida hisoblanadi va belgilangan tartibda kompensatsiya pullari to‘lab berilishi rejalashtirilgan.

Gap kelganda, aytib ketay. Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda yaqin yillarda aholi soni 40 millionga yetishi, bunday o‘sishda yiliga 140-150 ming xonadonga talab paydo bo‘lishi muhokama qilingan.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, respublikada 17 mingta 2-3 qavatli eski uylar bor. Ulardagi sharoit, muhit bugungi zamonga munosib emas. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, ko‘plarida oqova tarmog‘i ham yo‘q. Shularning o‘rnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashadi.

Davlat amaldori xizmat xonasida giyohvand modda iste’mol qildi

Men avvallari davlat idoralaridagi amaldorlar orasida ham giyohvandlikka berilganlari haqida eshitgandimu lekin kun kelib ularning siri fosh bo‘lishi, hatto, xizmat xonasida giyohvand modda iste’mol qilayotgan vaqtida qo‘lga tushishini o‘ylamagan ekanman.

Tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari xizmat xonasida giyohvandlik vositasini iste’mol qilayotgani eks etgan surat tarqaldi. Avvaliga viloyat boshqarmasi bunga munosabat bildirib, uni xaspo‘shlashga urindi, holat IIB tomonidan tasdiqlanmaganini aytib chiqdi.  

Xuddi shu paytning o‘zida esa Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov QALAMPIR.UZ’ga mazkur holat yuzasidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgani, natijada mansabdor shaxsdan 0,69 gramm gashish moddasi musodara qilingani, sud-kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, modda giyohvandlik moddasi, deb topilganini bildirdi.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olish, tashish yoki jo‘natish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bu bayonotdan keyin Andijon viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi yana tilga kirib, nasha chekib o‘tirgan ikki amaldor bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganini ma’lum qildi.

Oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar nikohdan ajrashayotganda muhlat tayinlanmaydi

Endi O‘zbekistonda oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxs talabiga ko‘ra nikohdan ajrashayotganda muhlat tayinlanmaydi. Tugayotgan haftada “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Yangi qonun bilan Oila kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamaydi. Xullas, ajrashish yanada osonlashdi. Lekin musichaning ham ini buzilmasin, deydi xalq. Bizni ko‘rayotganlarning oilasiga ofiyat tilab, ko‘rishguncha!


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand Donal'd Tramp Andijon Shahnoza Mirziyoeva boj savdo urushi Abdulloh Oilaviy zo'ravonlik Imom Moturidiy Valeriy Yugay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing