“Svet”ga ijtimoiy norma o‘rnatilmoqda. Asosiy maishiy texnikalar bir oyda qancha tok “yeydi”
Jamiyat
−
02 iyun 2022
20102O‘zbekistonda 11 turdagi elektr jihozlari bir oyda 180 kVt soat elektr energiya iste’mol qiladi. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 1 dona televizor, muzlatgich, dazmol, elektr choynak, mikroto‘lqinli pech, kir yuvish mashinasi, suv isitish boyleri (ariston) va 7 ta lampochka 15Wt, 1 ta changyutgich va kompyuter — bir oyda 180,67 kVt soat elektr energiya iste’mol qilar ekan.
“Ayrim xonadonlarda ushbu ko‘rsatilgan elektr jihozlar ishlatilmasligini yoki juda kam ishlatilishini hisobga olsak, oylik iste’mol hajmi yana ham kamayadi”, deydi vazirlik Matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekiston bo‘ylab aholiga gaz va elektr energiyasi uchun “ijtimoiy norma” joriy qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida belgilangan.
Qaror loyihasiga muvofiq, aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m etib belgilanishi rejalashtirilib, ijtimoiy himoya samaradorligini oshirish uchun “ijtimoiy norma” tizimi butun respublika bo‘yicha amalga kiritilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, unda gaz bilan ta’minlanmagan va asosan faqat elektr energiyasida ovqat pishiradigan ko‘p kvartirali uy-joylar hamda yotoqxonalarni hisobga olib, ijtimoiy normalar ushbu xonadonlarga nisbatan qo‘llanilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan.