Surxondaryoda terrorchilikni targ‘ib qilgan ikki yigit ushlandi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
7737Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan ikki yigit ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Sariosiyo tumani IIB tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov jarayonida Bog‘ishamol mahallasida yashovchi S.T. jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
22 yoshdagi bu shaxs shu yil sentyabr oyidan boshlab, Telegram messenjeri orqali diniy ekstremistik oqim a’zolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tumandagi Feruz mahallasida yashovchi, ishsiz, 25 yoshdagi O.S.ga tarqatib kelgan.
Shuningdek, O.S. joriy yil sentyabr oyidan Telegram messenjeri orqali diniy ekstremistik oqim a’zolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tumandagi Bog‘ishamol mahallasida yashovchi tanishi 23 yoshdagi ikki fuqaroga tarqatib kelgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan S.T.ga Jinoyat kodeksining 2441-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan, O.S.ga 159-moddasi 1-qismi bilan qo‘shimcha ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishiga qo‘shilgan. Ayni paytda jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatib, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan mazkur shaxslar ishi bo‘yicha tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi