Surxondaryoda 160 tupdan ortiq daraxt noqonuniy kesilishi yuzasidan BPga xat kiritildi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2021
4163Kecha, 14 sentyabr kuni saytimizda “Moratoriy faqat qog‘ozdami? Surxondaryoda 160 tup daraxt kesib tashlangani aytilmoqda” nomli maqola e’lon qilingandi.
Maqolada Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida bir kechada 160 tupdan ortiq tut daraxti qo‘porilib, o‘rnida qurilish boshlangani haqida so‘z boradi.
Mazkur xabarda keltirilgan holatlar yuzasidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rasmiy munosabat bildirdi. Qayd etilishicha, maqola e’lon qilinishi bilan Surxondaryo viloyat “Agropilla” MCHJ rahbari Sh.Choriyev boshchiligida ishchi guruhi tuzilib, mas’ul xodimlar mazkur holatni o‘rganish uchun voqea joyiga yuborilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani Obodon hududi, Termiz – Dushanbe xalqaro yo‘li yonida 4 gektarlik tutzor orasidan 160 donadan ortiq tut daraxti bir kechada 13 sentyabrdan 14 sentyabrga o‘tar kechasi noma’lum fuqarolar tomonidan kesib, tomiri bilan qo‘porib olingan.
Tut daraxtlarining o‘rnida erta tongdan qurilish ishlari boshlangan. Uzunligi 40 metr, eniga 18 metr bo‘lgan yirik binoning poydevori qurilishida 8-10 nafar kishi ishlayotgani aniqlangan.
“Holat yuzasidan Ishchi guruhi tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma, tuzilib, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga taqdim etildi. Dalolatnomaga ko‘ra, Sho‘rchi tuman Kadastr agentligi ushbu hudud haqiqatan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tizimidagi “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MCHJning balansida ekanligini tasdiqlagani ko‘rsatilgan”, deyiladi uyushma munosabatida.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hududda qurilish ishlarini boshlagan “Oltin uchburchak” loyihasi rahbari Dilorom O‘rolovaga Sho‘rchi tumani hokimining 2021 yil 8 apreldagi Q-708-son qarori bilan avtobus bekati va sanitariya-gigenik (maishiy xizmat ko‘rsatish) shahobchasi qurish uchun ajratib berilgan.
Qarorda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani Obodon hududidagi tutzor maydonning “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MCHJ tomonidan Sho‘rchi tumani hokimligi balansiga “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MCHJning 2021 yil 29 martdagi 02-17-01/2209-sonli xatiga asosan qaytarilgani ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, ishchi guruhi tomonidan jarayon o‘rganilganida “Sho‘rchi Tayyorlov Agropilla” MCHJ tomonidan ushbu tutzorning Sho‘rchi tumani hokimligi balansiga qaytarilishi to‘g‘risida hech qanday xat chiqarilmagani ma’lum bo‘lgan.
”O‘zbekipaksanoat” uyushmasi Ishchi guruhining o‘rganish xulosalari asosida Sho‘rchi tumani prokuroriga bildirish xati bilan chiqilgani va hududda qurilish ishlari to‘liq to‘xtatilganini ma’lum qilgan.
“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi olingan xulosalar asosida ushbu noqonuniy qilingan xatti-harakatlar yuzasidan surishtiruv olib borish va ushbu jinoyatning asl sababchilarini aniqlashda va ularga O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida ko‘rsatilgan tartibda chora ko‘rishlarini so‘rab, 2021 yil 14 sentyabr kuni o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muxofaza qilish davlat qo‘mitasiga xat kiritilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr