Surxondaryoda 14,5 mlrd subsidiya sifatida “tuya qilingani” aniqlandi

3-sahifa

image

Surxondaryo viloyatida 14,5 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari noqonuniy ajratilgani aniqlandi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2020 yil 11 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan 2021 yilda Sho‘rchi tumanidagi klasterga qarashli 1376 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish vazifasi mahalliy ta’minotchi korxona zimmasiga yuklatilgan. 

O‘z navbatida ta’minotchi korxona 142,7 gektardagi paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilgan va unga ketgan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bo‘yicha Sho‘rchi tumani ishchi komissiyasi tomonidan xulosa tuzilib, Amu-Curxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga taqdim etilgan.

Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslari esa amalda 142,7 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan bo‘lsa-da, unga yana qo‘shimcha ravishda 993 gektarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanib, ishga tushirilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, davlat byudjetidan klasterga 6 mlrd 747 mln 400 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Amu-Curxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bunday holat Qumqo‘rg‘on tumanida ham aniqlanib, mahalliy klasterga qarashli 2000 gektar paxta maydoniga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish ko‘zda tutilgan va bu ham aynan yuqorida tilga olingan ta’minotchi korxonaga yuklatilgan.

Qumqo‘rg‘on tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i va boshqa manfaatdor shaxslar o‘zaro til biriktirib, 2021 yilda 1143 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinmagan bo‘lsa-da, shuncha maydonga tomchilatib sug‘orish texnologiyasining qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanib, ishga tushirilgani haqida soxta xulosalar tuzish orqali klasterga 7 mlrd 772 mln 400 ming so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari ajratilishiga erishgan.

Hozirda DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Qumqo‘rg‘on tumani irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing