Surxondaryoda hokim yordamchisi kredit pullarini cho‘ntagiga urdi
3-sahifa
−
11 mart
10138Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida hokim yordamchisi 12 kishining nomiga soxta hujjatlar bilan salkam 700 mln so‘m miqdoridagi kredit rasmiylashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, departamentning Jarqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro N.Sh. hamda tumandagi “I.” MFY bo‘yicha hokim yordamchisi X.M. 11 nafar fuqaro va YATT U.T.ning nomiga soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali 698 mln so‘m kredit ajratib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirib yuborgani fosh bo‘lgan.
Bundan tashqari, departamentning Namangan tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “B.M.” MCHJ sobiq rahbari A.Q. va boshqalar 935 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga xorijdan olib kelingan 4 turdagi jami 7 dona mebel ishlab chiqarish dastgohlarini boshqa shaxslarga sotib yuborib, ushbu mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlangan.
Xuddi shunday "uddaburonlik" Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida sodir etilib, “S-S.” MCHJ mas’ul shaxslari hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,6 mlrd so‘m kredit mablag‘lari hisobidan mahalla guzari va maishiy xizmat ko‘rsatish sexini qurmasdan, pullarni o‘zlarining manfaati yo‘lida ishlatib yuborgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgani aytilmoqda.
LiveBarchasi