“Surxon” sobiq futbolchisi klubning 4 nafar a’zosi tomonidan kaltaklangani aytildi (video)

Sport

image

Bugun, 18 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Surxon” sobiq futbolchisi, Javoxir Esonkulov o‘zining kaltaklangani yuzasidan tegishli organlarga murojaat qilgani to‘g‘risidagi video tarqaldi.

Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, u va Akrom Xo‘jayevni Termiz klubi sport direktori Abdumajid Toirov va uning o‘g‘li, jamoa murabbiyi hamda jamoa sardori Asror G‘ofurov birgalikda do‘pposlagan.

Shundan so‘ng, “Surxon” futbolchilari o‘rtasida tarqalgan video bo‘yicha klub rasmiy munosabat bildirdi:

“Bundan bir necha daqiqa oldin “Surxon” klubi sobiq futbolchisi Javoxir Esonkulov kaltaklangani yuzasidan tegishli organlarga murojaat qilgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarga video joylashtiribdi. Ushbu lavhada keltirilishicha, guyoki futbolchini klub a’zolari kaltaklashgan”.

Klub telegram kanalida ma’lum qilinishicha, voqelik quyidagi ketma-ketlikda sodir bo‘lgan:

1. “Surxon” klubi va sobiq futbolchi Javohir Esonkulov bilan tuzilgan mehnat shartnomasi joriy yilning 21 iyul kuni har ikkala tomonning o‘zaro kelishuviga ko‘ra bekor qilingan va futbolchi klubdan hech qanday moliyaviy e’tirozi yo‘qligi haqidagi rasmiy xujjatga qo‘l qo‘yib, tasdiqlab bergan. Shundan so‘ng, futbolchi O‘zPFL ro‘yxatidan chiqarilgan;

2. Sobiq futbolchi shartnoma bekor qilingan bo‘lsa-da, klub ofisiga doimiy tashrif buyurib, yana qo‘shimcha pullar talab qila boshlagan; 

3. Sobiq futbolchilar Javohir Esonkulov va Akrom Xo‘jayevlar o‘zaro til biriktirib, klub ofisi eshigi yonida klub rahbari nomiga nisbatan qo‘pol so‘zlar bilan uning shaxsini kamsitgan;

4. Klubdagi bu vaziyatlardan xabar topgan jamoa sardori Asror G‘ofurov vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida har ikkala futbolchini klub ofisiga olib kelgan va ushbu so‘zlarni nega yozganligi bo‘yicha izoh so‘ragan. Dastlab, futbolchilar ushbu so‘zlarni ular yozmaganliklarini aytishgan lekin ularning har bir harakati klub ofisida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarida yozib olingan;

5. Jamoa sardori Asror G‘ofurov futbolchilarga shu jamoada o‘ynab, shu jamoaning nonini yeb, tuzligiga tupurmaslik kerakligini tushuntirgan va o‘rtada ziddiyat paydo bo‘lgan. Ikkala futbolchi bir-birlari bilan mushtlashib ketishgan.

6. Klub sport direktori A.Toirov va klub birinchi vitse Prezidenti A.Abdurahmonov har ikkala futbolchini ajratgan va ularni yarashtirib qo‘ygan.

“Sobiq futbolchilarga esa O‘zbekistonda qonun ustuvor ekanligi, har bir fuqaro davlat ximoyasidaligi, uning shaxsi kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tmoqchimiz”, deyiladi xabarda. 

Ma’lum qilinishicha, Esonqulov va Xo‘jayev klub vitse-prezidentidan yozma ravishda uzr so‘ragan va aybiga iqror bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Javohir Esonqulov faoliyatini Bekobodning “Metallurg” klubida boshlagan. Bundan tashqari, u “Bunyodkor”, “Qo‘qon-1912”, “Nasaf” jamoalarida ham o‘ynagan. 2021 yilda esa “Surxon”ga o‘tgan. Jamoa safida 5 ta o‘yinda maydonga tushgan. Joriy yilning 21 iyul kuni futbolchining surxondaryoliklar bilan shartnomasi bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Surxon Javohir Esonqulov Asror G'ofurov\

Baholaganlar

231

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing