“Surxon” futbolchisi Rossiyada giyohvand modda bilan ushlandi
Sport
−
07 iyun 2023
14143O‘zbekistonning “Surxon” futbol klubi a’zosi Shamil Gasanov Moskvada giyohvand modda bilan qo‘lga olindi. Bu haqda “Mash.ru” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uning yonidan 0,54 gramm mefedron (sintetik giyohvand) moddasi o‘rami topilgan. Gasanov shu yilning 6 iyun sanasiga o‘tar kechasi shaharning Borovskoye shossesida yo‘lni noto‘g‘ri joydan kesib o‘tganida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Futbolchi politsiya xodimlari oldida o‘zini shubhali tutgan. Shu bois uni tekshirishga qaror qilingan. Tintuv davomida uning yonidan ko‘k tasmaga o‘ralgan modda topilgan. Uning o‘zi bu mefedron ekanligini tan olgan.
Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasi bilan ish ochilgan. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, mefedron taqiqlangani aniqlangan hamda Gasanovdan Rossiyani tark etmaslik bo‘yicha yozma majburiyat olingan.
Ma’lumot uchun, Shamil Gasanov avval Rossiyaning “Anji” hamda “Dinamo” klublarida to‘p surgan. Hozirda esa “Surxon” klubi markaziy himoyachisi sanaladi.
LiveBarchasi