Damashqdagi yangi rasmiylar Suriyani Arab Ligasiga qaytarmoqchi
Olam
−
18 yanvar
1626Damashqdagi yangi muvaqqat hukumat Suriya xalqining irodasini qo‘llab-quvvatlashi va Suriyaning mintaqaviy tashkilotdagi o‘z o‘rniga qaytishi uchun Arab Davlatlari Ligasiga umid qilmoqda. Bu haqda Suriya o‘tish davri hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asaad Hasan al-Shiboniy Damashqqa borgan Arab Ligasi delegatsiyasi Bosh kotib yordamchisi Husam Zakiy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi.
“Biz Arab Ligasi Suriya xalqining irodasini qo‘llab-quvvatlaydi, deb umid qilamiz va tez orada unga qaytishni kutamiz. Biz Suriyaning Arab Ligasidagi o‘rniga qaytishini intiqlik bilan kutamiz", dedi u.
Shuningdek, Suriyaning yangi rasmiylari Arab davlatlari ligasini mamlakatni qayta qurish, ayniqsa energetika va infratuzilma sohalarida hissa qo‘shishga chaqirmoqda.
"Arab birodarlarimizni, ayniqsa, energetika va infratuzilma sohalarida qayta qurish ishlariga hissa qo‘shishga chaqiramiz", deydi al-Shiboniy.
Damashqning Arab Ligasidagi a’zoligi 2011 yilning noyabrida qurolli mojaroga aylangan ichki inqiroz avjida to‘xtatilgan edi. 2023 yil 6 fevraldagi zilziladan so‘ng ko‘plab arab davlatlari Suriya bilan yaqinlashish sari harakatlanib, unga katta gumanitar yordam ko‘rsatdi. 2023 yil 7 may kuni Arab Ligasi Kengashi Qohirada bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishda Suriyani mintaqaviy hamjamiyatdagi o‘z o‘rniga qaytarishga qaror qildi.
2023 yil 19 may kuni Suriyaning sobiq rahbari Bashar Asad Saudiya Arabistonining Jidda shahrida 2010 yildan beri ilk bor Arab Ligasi sammitida ishtirok etdi.
Qayd etish joiz, Suriyada hokimyat tepasiga yangi kuchlar kelgach, ular ko‘plab mamlakatlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishni boshladi. Ularning yetakchisi Ahmad ash-Sharo o‘tgan yil oxirida Suriyada hokimiyatni egallaganidan beri Damashqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan, Qatar Tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Muhammad al-Xulayfiy, Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga, Livanning o‘sha paytdagi bosh vaziri Najib Mikati, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro bilan uchrashdi.
Ash-Shiboniy boshchiligidagi Suriyaning yangi rasmiylari delegatsiyasi Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA va Iordaniyaga bordi.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar