Suriyadagi o‘zgarishlar xalq uchun qulay natijalar olib keladi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 9 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng, Suriyadagi vaziyat haqida bayonot berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Suriyadagi voqealarning 13 yillik tarixini bilgan har bir inson, Turkiyaning adolatli tinchlik yo‘lida olib borgan halol kurashiga guvoh bo‘ladi. Bu jarayonda Suriyaga bo‘lgan yondashuvimiz hech qachon manfaatga asoslangan emasligini boshidan beri qayta-qayta ta’kidlab kelmoqdamiz”, degan u.

Erdo‘g‘an sobiq Bashar Asad rejimini fashizm deb atab, Turkiyada yashayotgan qochqinlar endi bemalol va qo‘rquvsiz uylariga qaytishi mumkinligini ta’kidladi.

“Suriya tinchlik sari o‘zgarayotgan paytda, mening ishonchim komilki, bu o‘zgarishlar muhojirlar va butun Suriya xalqi uchun yaxshi natijalarga olib keladi. Suriya barqarorlikka erishgan sayin eng yaxshi qaytishni amalga oshiradi”, deydi Erdo‘g‘an.

Prezident suriyalik qochqinlarni 13 yillik vatan sog‘inchi asta-sekin tugashi bilan tabriklagan.

“Men duolarimda so‘raganlarim amalga oshmoqda. Vatan sog‘inchiga tashna birodarlarimiz uchun Yayladagi chegara punktini ochmoqdamiz”, degan u.

Qayd etish joiz, “Yayladagi” Suriya bilan shimoli-g‘arbiy chegarada, Turkiyaning Reyhanli shahridan 90 kilometr uzoqlikda joylashgan. 2013 yilda Anqara harbiy harakatlar tufayli uni vaqtincha yopgan edi. Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, respublika hududida 3 millionga yaqin suriyalik qochqinlar bo‘lishi mumkin. Erdo‘g‘an avvalroq bir millionga yaqin odamning Suriyaga qaytishini ta’minlash rejalarini e’lon qilgan.

Shuningdek, Turkiya yetakchisi muxolifat vakillarini fitnachilikda ayblagan.

“Muxolifat o‘z xatolari bilan yuzlashish o‘rniga suriyalik mazlumlar mavzusidan foydalangan holda yangi fitnalar yaratishga urinishda davom etmoqda. Ularga maslahatimiz shuki, eski yondashuvlaridan voz kechib, suriyaliklar quvonchiga sherik bo‘lsin. Ular o‘zlarini to‘silgan “shisha qafas”dan chiqarib, dunyo va mintaqadagi voqealarga e’tibor qaratishlari kerak”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.

Erdo‘g‘an Suriyada kechayotgan vaziyatni kuzatib borayotgani, “siyosiy aql” bilan tahlil qilayotgani, shuningdek, qo‘lidan kelganini qilayotgani va kelajakda ham Suriya uchun qo‘lidan kelgan ishni amalga oshirishini bildirgan.

"Turkiyaning yagona maqsadi – o‘z hududi va fuqarolarini terror xurujlaridan himoya qilishdir. Bizning vazifamiz Suriya xalqini qayta oyoqqa turish va mamlakatni qayta tiklash yo‘lida qo‘llab-quvvatlashdir", degan u.

Erdo‘g‘an qo‘shnilariga murojaati so‘ngida haqiqiy jasorat ko‘rsatgani va bu tarixda qolishini eslatgan.

“Aziz birodarlar, Turkiya har doim sizning yoningizda. Sizlar zo‘ravonlik va qiyinchiliklarga bo‘ysunmasdan, qahramonlik namunasini ko‘rsatdingiz. Sizning bu jasoratingiz avloddan-avlodga o‘tadigan hikoyaga aylanadi”, deya so‘zini yakunlagan Prezident.

Eslatib o‘tamiz, 8 dekabrga o‘tar kechasi qurolli muxolifat Damashqqa kirib kelib, Asad rejimini qulatgan edi. Shundan so‘ng, Bashar Asad mamlakat poytaxtini samolyotda tark etgandi. U oilasi bilan Moskvaga bordi.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Turkiya Erdo'g'an Bashar Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing