Asad rejimi ag‘darildi
Olam
−
08 dekabr
16188“Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi boshchiligidagi isyonchi kuchlar Suriya poytaxti Damashqqa kirdi va mamlakat rahbari Bashar Asad rejimi ag‘darilganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 8 dekabr kuni “Aljazeera” xabar berdi.
Mahalliy aholi AFP agentligiga shaharda kuchli otishma ovozlari haqida ma’lum qilgan. Isyonchilar koalitsiyasi ijtimoiy tarmoqlarda Asad qochib ketgani va mamlakat poytaxti ozod qilinganini e’lon qilgan.
Suriya armiyasining ikki yuqori martabali zobiti “Reuters” agentligiga mamlakat Prezidenti Bashar Asad Damashqdan noma’lum tomonga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan. Bu haqda avvalroq CNN tarqatgan ma’lumotni Suriya Inson huquqlari observatoriyasi ham tasdiqlagan. Tashkilot rahbari Rami Abdel Rahmonga ko‘ra, Asad Damashq xalqaro aeroportidan uchib ketgan.
Suriya Bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy Facebook’da e’lon qilingan videoda hukumat vakolatlarini Suriya xalqi tomonidan ma’qullangan har qanday rahbariyatga topshirishga tayyorligini aytgan.
“Reuters” armiyadagi manbalarga tayanib, Suriya armiyasi qo‘mondonligi zobitlarni Prezident Asadning hukmronligi tugagani haqida xabardor qilganini yozmoqda.
Isyonchilar koalitsiyasi vatanini tark etgan suriyaliklarni erkin Suriyaga qaytishga chaqirgan. Jangarilar Damashq yaqinidagi “Sayednaya” qamoqxonasidan minglab mahbuslar ozod etib, “zulm davri tugadi” deb e’lon qildi. Suriya Inson huquqlari observatoriyasiga ko‘ra, qamoqxona 2011 yilda fuqarolar urushi boshlanganidan beri ommaviy qiynoqlar va qatllar joyi bo‘lib, o‘n minglab tinch aholi mahbuslari va isyonchilarni o‘ldirgan.
Ma’lumot uchun, 27 noyabr kuni “Jabhat an-Nusra” ekstremistik guruhi tuzilmalari va uning ittifoqchilari Suriya shimolidagi Halab va boshqa aholi punktlariga keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Keyinroq respublika qurolli kuchlari armiya qayta to‘planish va qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun Halabdan chekinishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
5 dekabr kuni u mamlakat g‘arbida joylashgan xuddi shu nomdagi provinsiyaning ma’muriy markazi Hama shahrining bir necha mahallalariga jangarilar kirib kelgani haqida e’lon qildi. Armiya bayonotiga ko‘ra, Hamani ushlab turgan hukumat kuchlari shahar tashqarisiga ko‘chirildi.
7 dekabr kuni Arab Respublikasi Mudofaa vazirligi mamlakat janubida faoliyat yuritayotgan harbiy qismlar harbiy rejaga muvofiq qayta guruhlangani haqida xabar berdi.
Suriyadagi Bashar Asad rejimi kuchlari Isroil bilan chegaradosh Al-Qunaytra viloyatidagi postlarini tashlab ketgani xabar qilingandi. 4 dekabr kuni “Hayat Tahrir ash-Shom” radikal ekstremistik guruhi a’zolari Damashqqa olib boruvchi yo‘lda joylashgan yirik Hama shahrini uch tomondan o‘rab olgandi. 6 dekabr kuni ekstremistik guruhi a’zolari Homs shahriga kirib keldi. Keyinroq guruh a’zolari Suriya janubidagi Dar’a viloyati ma’muriy markazi va viloyatning katta qismini o‘z nazoratiga olgani haqida ham xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya rahbari idorasi Prezident Bashar Asad milliy va konstitutsiyaviy burchlarini bajarayotgan Damashqda ekanligi haqida xabar bergandi.