Suriyadagi terrorchilarga homiylik qilgan namanganlik erkak va uning yaqinlari qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Namanganda Suriyadagi diniy-ekstremistik guruhlar ta’siriga tushib qolgan, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlagan, qolaversa, o‘g‘li, jiyani va sinfdoshini ushbu oqimlar safiga yetaklagan 55 yashar erkak va uning guruhdoshlari qo‘lga olindi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida xabar qilindi. 

Namangan viloyati Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi va Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida olib borilgan tezkor tadbir natijasida Namangan shahrida “Jihodchilar” ekstremistik oqim g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, yashirin vertual jamoat tuzgan bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi. 

Asli kosibchilik bilan shug‘ullangan, Namangan shahrida yashagan 1965 yilda tug‘ilgan erkak Facebook’dagi o‘zining ism-sharifi bilan nomlangan profil orqali 2019 yil noyabr – 2020 yil may oylari davomida Abu Saloh, Solih Samarqandiy va boshqa diniy-ekstremistik oqim vakillarining hijrat va jihodga chorlovchi diniy materiallarini ijtimoiy tarmoq orqali tarqatib, targ‘ib qilgan. Bu ham yetmagandek, Suriyadagi janglarda faol qatnashayotgan  jangarilar bilan doimiy virtual aloqa bog‘lab, ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiya davlatida ekstremistik oqim a’zolari bo‘lgan tanishlari orqali gumashtalariga bir necha marta pul mablag‘lari jo‘natib kelgan. 

“Internetga qiziqib, Facebook ochib, shu orqali Suriyadagi bir necha birodarlar bilan tanishib qoldim. Ular bilan fikr almashdim. Ular holatini achinarli qilib tanishtirdi. Rossiyadagi tanishim orqali “Yandeks-dengi”dan 4 marotaba o‘sha yerdagi jangari terroristik tashkilotga pul jo‘natdim”, deydi ayblanuvchi. 

Fuqaro noqonuniy harakatini davom ettirgan holda, boshqalarni ham bu kabi razil harakatlarga jalb etish maqsadida 25 yoshga kirgan o‘g‘li, jiyani, tanishlari va sinfdoshini ham yo‘ldan urib, o‘z virtual guruhiga qo‘shgan. Shu tarzda O‘zbekistonda taqiqlangan diniy-eksremistik oqimlarning jihod, hijratni targ‘ib qiluvchi, insonlarni qabihlikka, xunrezlikka yetaklovchi audio va video materiallar, Suriyadagi jangarilar tomonidan yuborilgan terrorchilarning vahshiyliklari aks ettirilgan video lavhalarni Telegram tarmog‘i orqali muntazam ravishda tarqatib kelgan. Virtual guruh azolari bo‘lgan bir guruh sheriklari esa ularni ko‘rish bilan birga, boshqalarga ham tarqatishga ulgurishgan. 

“Sinfdoshim fleshka berdi. Fleshkada Solih Samarqandiy, Abdulloh Zufarlarning ma’ruzalari bor edi. Keyin telefonimga Telegram va IMO orqali ma’ruzalarni jo‘natdi. Ular asosan hijrat va jihod haqidagi ma’ruzalar edi. Shularni orasida Suriyadagi urushdan videoroliklar, rasmlar ham keldi”, deydi guruh a’zosi. 

Virtual guruh asoschisining o‘g‘li ham otasi bergan video va audiolarni internetda tarqatishda faol bo‘lgan. U shunday deydi:

“Men Solih Samarqandiy, Abdulloh domlaning ekstremistik mazmundagi ma’ruzalarini tinglab, tanish-bilishlarimga jo‘natganman. Buning noqonuniy ekanini anglab yetdim”. 

Virtual guruhning faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. Tezkor tadbir davomida diniy ekstremizm, terrorchilikni targ‘ib qilishga uringan guruh qo‘lga olindi. Ularning yashash manzilida o‘tkazilgan tintuv harakatlari natijasida 7 ta telefon, 80 xildagi DVD va CD disklar, ikki dona mikrochip va ikki dona flesh-karta, bir dona kitob va bir dona arab yozuvlari yozilgan daftarlar ashyoviy dalillar sifatida olindi. 

Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.  


Maqola muallifi

Teglar

DXX diniy oqim diniy ekstremizm

Baholaganlar

487

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing