Suriyadagi terror tashkilot faoliyatida ishtirok etgan andijonlik yigit qamaldi (video)

3-sahifa

image

2018 yilda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan andijonlik yigit qurolli to‘qnashuvlar vaqtida vafot etdi. Uning ukasiga esa O‘zbekistonda sud hukmi o‘qilib, u 10 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Andijon viloyati Andijon shahrida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan shaxs 2017 yilning iyun oyida ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, savdo do‘konida sotuvchilik bilan shug‘ullanadi. Oradan bir yil o‘tib, uning oldiga akasi borgach, ular birga ishlay boshlaydi.

1995 yilda tug‘ilgan aka o‘z ukasini to‘g‘ri yo‘ldan adashtirib, unga terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan S.S., A.Z., A.B. larning ma’ruzalarini targ‘ib qiladi hamda Suriya davlatiga borib, jihod qilish lozimligini aytadi.

2018 yilning kuz oylarida aka, keyinroq uka Suriya davlatidagi terroristik tashkilot safiga borib qo‘shiladi. Biroq qurolli to‘qnashuvlar vaqtida ularning kattasi ayanchli o‘lim topadi.

Bu vaqtda endigina jangovor tayyorgarlikdan o‘tib bo‘lgan uka o‘z akasining jasadini topib qabrga qo‘yadi.

“O‘sha paytlari terroristik tashkilotlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, amir bo‘lish uchun yetakchilarning o‘zaro nizolarga kirishishlarini ko‘rib, xafsalasi pir bo‘lgan andijonlik yigit onasi yuborgan pullar yordamida Turkiyaga qaytib o‘tadi. Keyinroq bir muddat Qirg‘izistonda bo‘lib, so‘ngra Qozog‘istonga borgan va ushbu davlatning soxta fuqarolik pasportini olgan mazkur shaxs hujjatni qalbakilashtirgani uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortiladi”, deyiladi xabarda.

U jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudining hukmiga ko‘ra, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan ushbu fuqaro Jinoyat kodeksining 155-2 va 244-2-moddalari bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 10 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda taqiqlangan diniy tashkilotlarning materiallarini targ‘ib qilishda aybdor deb topilgan qashqadaryolik yigit 6 yilga qamalgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxati e’lon qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat Andijon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing