Suriya gerb va davlat ramzlarini yangilaydi
Olam
−
30 yanvar 2025 4663 2 daqiqa
Suriyada sobiq prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan keyin mamlakatni qayta qurish jarayoni doirasida milliy gerb, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yangilanadi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mpire Agency brending va marketing kompaniyasi asoschisi Muhammad Selvaye boshchiligidagi 50 nafar ko‘ngillilar guruhi Suriyaning shaxsiy guvohnomalari, pasportlari, rasmiy hujjatlari va milliy logotipini qayta loyihalashtirmoqda. Shuningdek, davlat muassasalarining valyuta va ramzlari dizayniga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, tashabbus Muhammad Selvayening hamkasbi Vasim Kadura Facebook’da “Suriyaga yangi o‘ziga xoslik kerak” deb yozganidan keyin boshlangan.
Dizaynerning ta’kidlashicha, bu nafaqat estetik o‘zgarish, balki Suriya tarixi, madaniy merosi va me’morchiligini aks ettiruvchi o‘ziga xoslikni yaratish demakdir.
“Ushbu loyiha xalqning daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish va xalqaro maydonda mamlakatni namoyon qilishda g‘oyat muhim”, degan u.
Qayd etilishicha, tarixchilar, tadqiqotchilar va olimlardan iborat 50 nafar ko‘ngilli guruh Suriya uchun milliy ramzlarni ishlab chiqish loyihasi ustida ishlamoqda. Loyiha 3-4 oy ichida yakunlanishi kutilmoqda. Jamoa a’zolari loyiha tafsilotlari sizib ketishining oldini olish uchun maxfiylik shartnomasini imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyaning davlat bayrog‘i o‘zgartirilgan edi. Dastlab, Germaniya poytaxti Berlindagi Suriya elchixonasi binosidagi davlat bayrog‘i qizil o‘rniga yashil chiziqli yangisiga almashtirilgandi. Parijning 7-okrugidagi respublika elchixonasi binosidagi Suriya davlat bayrog‘i ham qizil o‘rniga yashil chiziqli yangisiga almashtirilgan.