“So‘nggi voqealar barchamiz uchun “jiddiy signal” bo‘ldi”. Qashqadaryoda yana bir necha bloger faoliyatini tugatdi
Jamiyat
−
07 iyun 2023
13087Qashqadaryoda faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan blogerlar ortidan qashqadaryolik yana 3 nafar bloger – Azizbek Yazdurdiyev, O‘roljon Kamolov (“Turon24/7” Telegram-kanali muallifi) hamda “KeshNews” kanali ham faoliyatini to‘xtatayotganini bildirdi.
“Menda qo‘rquv bo‘lmagan. Shunday muhitda tarbiyalandim. Haqlik uchun doim baralla gapirdim, jonim xatarda qolsa ham. Vatanni hech kimdan kam sevmadim, hatto “o‘zbekka dushman” deyishsa ham. Oilamni taqib qilishdi, shaxsiyatga tegishdi, baribir davom etdim. “So‘z erkinligi” uchun kurashdik, biroq… Bugun vaziyat jiddiylashdi. So‘nggi voqealar, ya’ni “Kapitan Karimov” va Maqsud Muzaffarov bilan sodir bo‘lgan holatlar atigi bir savol uchun qamalib ketish nafaqat OAV, balki inson huquqlari bilan bog‘liq so‘nggi ishlar barchamiz uchun “jiddiy signal” bo‘ldi”, deydi “Yazdurdiyev” kanali muallifi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger birinchi rahbar tomonidan uzoq kutilgan erkinlikning berilishi va yaqinda Konstitutsiyada kafolatlangan erkinliklardan juda ruhlangan.
“Biroq o‘rtada katta kuchlarning borligi (qarshiligi) hafsalamni pir qildi. Qisqasi, oilamga tinchlik kerak. Shu kungacha, meni yolg‘iz qoldirmagan barchaga minnatdorchilik bildiraman. Boshingiz omon bo‘lsin”, deya so‘zini yakunlagan bloger.
Shu bilan birga, “Turon24/7” Telegram-kanali muallifi O‘roljon Kamolov ham kanal o‘z faoliyatini tugatganini ma’lum qilgan.
“O‘tgan yillar davomida “Turon24/7” jamoasi do‘stlari bilan birgalikda so‘z erkinligi, adolat, xalq muammolari, qonuniylik prinsiplari uchun oz bo‘lsada, o‘z hissasini qo‘shishga urindi. Aksar hollarda murojaatlarni joyiga chiqib xolisona o‘rganishga harakat qildik. Bunda kimgadir yoqish uchun emas, Alloh va vijdon oldida adolat bilan qalam tebratish uchun faoliyatimizni olib bordik. Ko‘pchilik mansabdorlarga faoliyatimiz yoqmagan bo‘lishi ehtimol, biroq xalq va kelajak avlod manfaati uchun xolisona hamda dadil faoliyat yuritdik. Qonunlar faqat qog‘ozlardagina mavjud, sudlar adolatli bo‘lmagan, hukumat xalq manfaati uchun ishlamaydigan, xalq qorin g‘amidan boshqasini bilmaydigan jamiyatda durroj holiga tushmaslik uchun surish kerak!”, degan kanal muallifi.
Bundan tashqari, yana bir Qashqadaryoda ishlab kelayotgan Telegram-kanal “Keshnews” ham o‘z faoliyatini noma’lum muddatga qadar to‘xtatishini e’lon qildi.
Qashqadaryolik blogerlarning qamalishi
“AvtoblogUZ” Telegram-kanali asoschisi Maqsud Muzaffarov hamda qashqadaryolik yana bir taniqli bloger Umid Karimov (“Kapitan Karimov”) Ichki ishlar xodimlari bilan tortishgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holatga nisbatan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi izoh berib, janjal rostdan yuz berganini tasdiqlagan.
Viloyat IIBning iddao qilishicha, shu yilning 29 may kuni Shahrisabzda IIB YHXB xodimlari 2 ta davlat raqamisiz, oynalari to‘liq qoraytirilgan hamda ruxsatsiz qayta jihozlangan Gentra avtomashinalariga nisbatan hujjatlarni rasmiylashtirishda transport vositalari haydovchilari (yuqorida ismlari keltirilgan blogerlar nazarda tutilmoqda) ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan janjal chiqarib, ommani o‘ziga qaratgan.
Shundan so‘ng blogerlarning har biriga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Keyinroq, joriy yilning 5 iyun kuni Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi “Nasafnews.uz” internet-nashri o‘z faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgandi. Shuningdek, ushbu nashr rahbari hamda “Kapitan Karimov” blogi asoschisi Umid Karimov blog faoliyatini ortiq yurita olmasligini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, yana ikki nafar qashqadaryolik blogerlar – Otabek Ortiqov hamda “AvtoblogUZ” muallifi Maqsud Muzaffarov faoliyatini tugatdi.
O‘lasi qilib do‘pposlangan bloger
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi bloger Elmurod Odilovga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi. Xo‘sh, voqea qanday boshlangandi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zini bloger deb tanishtirgan Elmurod Odilov Yakkabog‘ tumani “Ibn Sino” mahallasida joylashgan pilla mahsulotini saqlash omborxonasiga borgan.
Viloyat IIBning bayonotiga ko‘ra, bloger shu yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan hamda ushbu jarayonda bloger fermerlarni haqorat qilgan.
Shundan so‘ng pilla yetishtiruvchi fermerlar Odilovning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.
Blogerga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi hamda 198-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudiga yuborilgan. Unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Qamoqni o‘tayotgan bloger O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatinining advokatiga sudga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan kaltaklanganini aytib o‘tgan.
LiveBarchasi