TIV o‘tgan yili hal qilib bo‘lingan voqealarni muhokama qilmaslikka chaqirdi
Jamiyat
−
07 Sentabr 12707 2 daqiqa
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi OAV vakillari hamda blogerlardan o‘z yechimini topgan masalalarni qayta muhokama qilib, jamoatchilik vakillarini xavotirga solib qo‘ymaslikni so‘radi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar berdi.
Vazirlik vakiliga ko‘ra, so‘nggi paytlarda tarmoq va OAVda o‘z yechimini topgan masalalar qayta ko‘tarilib, aholini xavotirga solyapti va jamoatchilik orasida chalkashlik tug‘dirmoqda. Burhonov blogerlar va OAVdan ushbu masalalarga emas, aksincha, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan voqealarga e’tibor qaratish, muhokama qilishni so‘ragan.
“So‘nggi paytlarda ayrim blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ilgari hal etilgan va o‘z yechimini topgan ba’zi masalalarning qayta muhokamaga olib chiqilayotganini kuzatyapmiz. Bu kabi yondashuv, tabiiyki, jamoatchilikda asossiz chalkashlik va ortiqcha xavotir uyg‘otishi mumkin. Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va faol blogerlar! Sizning ovozingiz, xolis fikringiz va yoritayotgan mavzularingiz jamiyatimiz hayotida juda katta ahamiyatga ega. Shuning uchun sizlardan dolzarb, bugungi kun uchun haqiqatan ham muhim bo‘lgan masalalarni ko‘tarishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, vazirlik so‘zlovchisi OAV vakillari hamda blogerlarni hamkorlikka chorlagan.
“Tashqi ishlar vazirligi mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining asosiy vazifalaridan biri – har bir fuqaromizning huquq va manfaatlarini himoya qilishdir. Bu borada biz doimo mas’ulmiz va vazifamizga qat’iy sodiqmiz. Shu yo‘lda davlat idoralari, OAV va faol blogerlarning bir-birini to‘ldiruvchi hamkorligi yanada muhimdir”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari olib qo‘yilgani haqidagi videolar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, bu voqea o‘tgan yili sodir bo‘lgan va allaqachon yechimini topgan.
Live
Barchasi