Sunak ham “qora shahzoda” bilan uchrashdi
Olam
−
20 Oktabr 2023
7856Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak Isroilga safarini yakunlab, Saudiya Arabistoniga bordi va Ar-Riyodda valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ol Saud bilan uchrashdi. Bu haqda Britaniya hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rishi Sunak va Muhammad bin Salmon mintaqadagi vaziyat yanada keskinlashmasligi uchun harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olgan.
“Bosh vazir va valiahd shahzoda G‘azoni suv, oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash uchun insonparvarlik yordamini yetkazish zarurligi haqida kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati rahbari valiahd shahzodani Saudiya Arabistonining mintaqadagi yetakchiligidan uzoq muddatda barqarorlikni saqlab qolish uchun foydalanishga chaqirgan.
“Umuman olganda, Bosh vazir va valiahd shahzoda Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sohalarni, jumladan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashni ilgari surish yo‘lida hamkorlik qilishga intiladi”, deyiladi Britaniya hukumati bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 oktyabr kuni Rishi Sunak Isroilga borib, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va Prezident Isxak Gersog bilan uchrashgandi. Oldinroq AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ham dastlab Isroilga, keyin mintaqadagi bir necha davlatlar, jumladan Saudiya Arabistoniga borgandi. U ham valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon ol Saud bilan uchrashgandi.