Sultonov gaz va elektr energiyasi narxi qanchaga oshishini aytdi

Intervyu

Ayni kunlarda O‘zbekistonda energiya resurslari narxi oshirilishi bilan bog‘liq masala dolzarb bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov jurnalistlar bilan uchrashib, narx-navoning oshirilishi bilan bog‘liq savollarga aniqlik kiritdi. Alisher Sultonovning intervyusi "Zamon" axborot-tahliliy dasturida namoyish etildi.

“Bu o‘zgarishlar inflyatsiya darajasida bo‘ladigan o‘zgarish. Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ta’kidlandiki, bu o‘zgarishlar sohadagi muammolarni to‘liq hal etmaydi. 20%ga ham bormaydi. Prezidentimiz ham aytdilar, bu masalani biz doim ko‘rib chiqamiz, oylikni oshirish bilan birgalikda va faqat inflyatsiya darajasi ichida bo‘ladi. Mana, ertaga raqamlar chiqqanda ko‘rasizlar, o‘zgarishlar katta bo‘lmaydi. Birinchi navbatda aholini o‘ylab qaror qabul qilganmiz”, deydi vazir Alisher Sultonov. 

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan birinchi yarim yillikda davlat byudjetiga tushumlar natijadorligini tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Unda davlat rahbari O‘zbekistonda energiya resurslari tariflari oshirilishi, shunga mos ravishda eng kam ish haqini ham oshirish kerakligini aytgandi. Vazir Alisher Sultonov o‘z so‘zida narx-navoning oshirilishi sabablar va oldinda turgan loyihalarga ham to‘xtaldi: 

“Eng asosiy vazifamiz – tarmoqlarni yangilashimiz kerak. Tarmoqlar eskirgan. Hozir “Obod qishloq”, “Obod mahalla” loyihalari doirasida juda katta ish ketmoqda. Yuqori tarmoqlarni, gaz tarmoqlarini yangilashimiz kerak. Magistral tarmoqlarni, kompressor stansiyalarini yangilashimiz kerak. Bular juda katta mablag‘ talab etadi.  Shu yilning o‘zida To‘raqo‘rg‘onda, Taxiatoshda, Navoiyda yangi stansiyalar qo‘shiladi. Yana yangi bloklarning qurilishini boshlayapmiz. Energetika barqarorligi, xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha juda katta ishlar olib borilmoqda. Lekin, hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Hali qilgan ishimiz yetarli emas”.

O‘zbekistonda energiya resurslarining narxi oshishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandan keyin ijtimoiy tarmoqlar ko‘plab fikr-mulohazalar bilan to‘lib toshdi. Ular orasida narx-navoning oshirilishida aholi ijtimoiy qatlamlarga ajratilishini taklif qilganlar ham bo‘ldi. Eng ko‘p takliflar ijtimoiy tarif masalasida bo‘lmoqda. Xo‘sh, Hukumat bu borada qanday yo‘l tutmoqchi? Umuman olganda, ijtimoiy tarif tizimi yo‘lga qo‘yiladimi? Bu savolga Alisher Sultonov quyidagicha javob qaytargan: 

“Ijtimoiy tarif, albatta, qo‘llaniladi. Energiya resurslari ta’minotchilarning orasida adolatli bo‘lish kerak. Aholining har xil qatlamlari bor. Buni qachon qo‘llaymiz? Faqatgina elektr o‘lchagich asbob-uskunalarini o‘rnatganimizdan keyin. 

2020 yil yakunigacha butun O‘zbekiston hududida har bir iste’molchiga elektr hisoblagich uskunasi o‘rnatiladi. Ana o‘shanda hisob-kitob ham to‘g‘ri bo‘ladi va ana shunda biz ijtimoiy tarifni kiritishimiz mumkin bo‘ladi”. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 iyul kuni Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Muhammad Jumagaldiyev O‘zbekistonda energiya resurslari narxi shundoq ham pastligini aytib chiqqan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Sultonov

Baholaganlar

124

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing