Hukumat Boysun fojiasidan xulosa chiqardimi? Ochiqlanmagan raqamlar va yechimi yo‘q muammolar
Jamiyat
−
18:57 1773 4 daqiqa
O‘zbekistonning gaz zahirasi qancha? U avval aytilganidek, 3 ta O‘zbekistonni boqishga yetadimi? Surxondaryodagi texnologik avariya sabab bir kunda qancha gaz yo‘qotilmoqda? Gaz qazib olinadigan hududlardagi ekologik vaziyat qanday? Fuqarolarga kompensatsiya to‘lanadimi? Bu kabi muhim savollar anchadan beri jurnalistlar va jamoatchilik faollarini qiziqtirib kelayotgan edi. Joriy yilning 20 aprelida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari savollarga javob berdi.
2024 yilning 17 sentyabrida Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida sodir bo‘lgan texnik ofat oqibatida 2 kishi qurbon bo‘lgan edi. Oradan shuncha vaqt o‘tsa ham bu manzildagi muammo haligacha yechilmadi. Hozir ham hududdan gaz sizib chiqadi. U atrofga ziyon yetkazmasligi uchun yoqib qo‘yilgan. Xo‘sh, muammo qachon hal etiladi? U yerdan bir kunda qancha miqdorda gaz yo‘qotilmoqda?
“Bizlarda aniq raqamlar yo‘q. Miqdor bo‘yicha maxsus komissiya shug‘ullanadi. Bizning asosiy ishimiz, avval bartaraf etish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish, o‘zimizning takliflarimizni berish. Bizning ham umidimiz shundan tez orada bartaraf etish. Shu narsa to‘g‘risida o‘ylayapmiz, ishlayapmiz”, dedi “O‘zbekneftgaz” AJ bosh geologi Nodir Muhiddinov.
Boysundagi gaz koni avariyasiga Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zi raislik qilgan Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda alohida to‘xtalgan edi. Joriy yilning 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda gazni qayta ishlash majmuasidagi texnologik murakkab masalaga hamkorlar bilan ilmiy yechim topilgani qayd etilgan. Ayni shu masalada olib borilayotgan ishlar qanday ekani va qaysi bosqichga yetgani ham yig‘ilganlarni qiziqtirdi. Biroq, tashkilot mansabdori bu ma’lumotlarni ochiqlay olmasligini ma’lum qildi.
“Bo‘lgan texnologik avariya juda ham murakkab avariya. Buning yechimlari topilgan. Bir necha variantlari bor. Xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda ishlayapmiz. Lekin aniq muddatlarni hozir izohlashga imkoniyatimiz yo‘q. Chunki, texnik yechimni oxirgi maqbulini tanlab olingandan keyingina ma’lumot bersa to‘g‘ri bo‘ladi. Hammani aldab yolg‘on ma’lumot bergandan ko‘ra, yo umidvor qilgandan ko‘ra, biz texniklar asosan aniq hisob-kitoblarga tayangan holda ishlashga o‘rganganmiz”, dedi Nodir Muhiddinov.
Bir kunda qancha gaz yo‘qotilayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q, bu qachon va qanday shaklda yechilishi bo‘yicha harakatlarni xozircha aytib bo‘lmaydi. Ha, jurnalistlar bilan ochiq muloqot(!) formatida o‘tgan uchrashuvning ayrim muhim savollariga shunday javob berildi. Shu sababli, bir necha yillar oldin avvalgi mansabdorlar tomonidan aniq aytilgan gaz zahirasi mavzusi ochidli. 2020 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonning gaz zahirasi 1,86 trillion kub metr deb e’lon qilingan va 34 yilga yetadi deya ta’kidlangan. O‘sha yilning fevral oyida u paytdagi energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston gaz zahirasi haqida keng muhokamaga sabab bo‘lgan gapni aytgan edi. “Gazimiz 3 ta O‘zbekistonni boqishga yetadi” degandi u. Xo‘sh, “bugun zahira qancha?”, degan savol o‘rtaga tashlandi. Bunga javoban “O‘zbekneftgaz” AJ ning bosh geologi “men boshqalarning aytgan gapiga javob bermayman” dedi.
“Uchta O‘zbekistonga yetadi, to‘rtta O‘zbekistonga yetadi deydigan gaplarni men gapirmaganman. Men boshqa mutaxassislarni bergan gapiga javob bera olmayman. Men o‘zimni vakolatim doirasida, demak, biladigan raqamlarimga javob beraman. Gaz zahiralari agar hozirgi gaz qazib chiqarish hajmini olib, yillik hajmiga hisoblanadigan bo‘lsa, haqiqatdan hisoblab aniqlangan va davlat zahiralari komissiyasida tasdiqlangan zahiralari kelajakda strategik O‘zbekistonning rivojlanishini ta’minlash uchun 30 yildan ortiq vaqtga yetarli deydigan hisob-kitoblar bor”, deydi “O‘zbekneftgaz” AJ mansabdori.
“O‘zbekneftgaz” AJ shu yil, 1 yanvardan “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgan edi. Shu vaqtgacha jamoalarga qancha pul sarflangani ham ochiqlandi.
“Shu paytgacha futbol klublari homiylik mablag‘lari sifatida moliyalashtirib kelingan. Hozirda bironta futbol klubi biz tomonimizdan moliyalashtirilmayapti. Adashmasam, bir yilda 3-4 ta futbol klubiga 200-300 milliard so‘m atrofida pul ajratilgan”, dedi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev.
Bugungi kunda O‘zbekistonning energetika sohasi murakkab va ziddiyatli davrni boshidan kechirmoqda. Bir tomondan Boysundagi kabi konlarda kuzatilayotgan texnologik qiyinchiliklar va ekologik xavflar aholi xavfsizligini birinchi o‘ringa chiqarayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan zahiralarimizning kamayishi va narxlar barqarorligi iqtisodiy aniq rejalarni talab qilmoqda. “O‘zbekneftgaz”ning futbol klublarini moliyalashtirishdan voz kechib, asosiy e’tiborni ishlab chiqarishga qaratishi ko‘pchilik tili bilan aytganda aqlli qaror. Ammo qabul qilinayotgan ilmiy va iqtisodiy yechimlar, islohotlar hamda foydali ishlar oddiy xalqning xonadoniga issiqlik ko‘rinishida kirib borsagina haqiqatdan olqishlanadi.
Live
Barchasi