“Sulton suyagini xorlamas”. Aliyeva yangi lavozimga o‘tirdi

Olam

image

Ozarbayjon birinchi xonimi va vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva keyingi besh yilga Ozarbayjon Gimnastika federatsiyasi prezidenti (Ijroiya qo‘mitasi raisi) etib saylandi. Bu haqda federatsiyasi axborot xizmati xabar berdi.

Gimnastika federatsiyasining hisobot-saylov xarakteridagi 16-umumiy yig‘ilishining rasmiy ochilishdan so‘ng federatsiya vitse-prezidenti Altay Hasanov 2021-2025 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar, o‘tkazilgan musobaqalar va erishilgan natijalar haqida video hisobot taqdim etgan.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yilda Ozarbayjon gimnastikasi jadal rivojlangan va sportchilar xalqaro maydonlarda mamlakatni munosib himoya qilgan.

Gimnastika federatsiyasining moliya direktori Viktoriya Abushova esa 2021-2025 yillar bo‘yicha moliyaviy hisobotni taqdim etgan. Umumiy yig‘ilishda federatsiya nizomiga o‘zgartirishlar kiritilib, yangi tahrirda tasdiqlangan. Nazorat-taftish va Intizom komissiyalari tarkibida o‘zgarishlar qilingan, shuningdek Atletlar va Apellyatsiya komissiyalarini shakllantirish nizomda o‘z aksini topgan.

Shundan so‘ng Ijroiya qo‘mitasiga saylov o‘tkazilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Mehribon Aliyeva navbatdagi besh yil muddatga Gimnastika federatsiyasi prezidenti etib saylangan.

Altay Hasanov vitse-prezident, Rauf Aliyev, Rafiq Beybutov va Vafo Bakarova esa Ijroiya qo‘mitasi a’zolari etib tasdiqlangan. Yig‘ilishda “Intizom qoidalari”, “Etika qoidalari” hamda “Gimnastikada xavfsiz muhitni ta’minlash va ishtirokchilarning shaxsini himoya qilish qoidalari” muhokama qilingan. Shuningdek, tegishli komissiyalar a’zolari saylangan.
 
Yakunda 2025 yilda nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan sportchilar esdalik medallari bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Myunxen shahrida boshlangan 2026 yilgi xavfsizlik konferensiyasiga borgan Mehribon Aliyeva jurnalistning demokratiya haqidagi savolini e’tiborsiz qoldirib, Ozarbayjonda demokratiya qay darajada ekanini aytishdan qochgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Mehribon Alieva lavozim Ozarbayjon Gimnastika federatsiyasi prezidenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing