Qondoshlar qo‘rquvi tugadi: Mirziyoyev va Aliyev SSSR o‘rnatgan devorlarni qanday yiqitdi?
Tahlil
−
19:25 1100 16 daqiqa
Oilaviy tashrif. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga keldi. Rasmiy tashrifda unga rafiqasi – mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva, qizi Leyla Aliyeva va xatto nabiralari hamrohlik qildi.
Bir-biridan qo‘rqadigan qondoshlar, o‘zaro sovuq munosabat va xavfsirashlar. SSSR siyosati o‘rtaga qo‘ygan ko‘rinmas devorlar olinyapti. O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida uzilgan rishtalarning qayta tiklanishi nima berdi, beryapti va beradi?
Endi O‘zbekiston va Ozarbayjon “abadiy do‘st”. Xo‘sh, imozlangan bu shartnoma mamlakatlarga qanday vazifalarni yuklaydi? Foydasi nimalarda seziladi?
Ikki mamlakat o‘rtasidagi yillar davomida saqlanib kelgan huquqiy bo‘shliqlar ham to‘ldirilyapti. Bu birinchi o‘rinda pensionerlar muammosini yechadi. Endi bir mamlakatda orttirilgan mehnat staji ikkinchisida ham to‘liq inobatga olinadi. Yaqin daqiqalar davomida ikki qardosh davlat o‘rtasidagi yangi bosqichga chiqqan do‘stlik haqida gaplashamiz.
Joriy yil, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi — mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva hamrohligida O‘zbekistonga keldi. “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva kutib oldi.
E’tiborli jihati mehmonlar qatorida prezidentning qizi Leyla Aliyeva va nabiralari ham bor edi. Bu esa diplomatik munosabatlar bilan bir qatorda oilaviy yaqinlik ham juda yaxshi ekanligini anglatadi. Ikki davlatning birinchi xonimlari, oilalar farzandlari va nabiralari birgalikda vaqt o‘tkazgani ham gapimizga isbot. Bu haqida keyinroq.
Hozir esa Prezidentar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasida qay darajada do‘stona munosabat borligi, bu yaqinlik tarixiy birodarlikning mantiqiy davomi ekanini anglatuvchi videoni tomosha qilamiz. Buning uchun 2019 yilda Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitiga qaytamiz.
“Biz Ozarbayjon xalqining buyuk farzandi Haydar Aliyev bilan hamisha faxrlanamiz. O‘zbekistonda uni ehtirom bilan xotirlashadi. Men u bilan ishlagan odamlar bilan ko‘p suhbatlashganman. U har doim o‘zbek xalqiga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Haydar Aliyev Sharof Rashidovich bilan ko‘p bor uchrashib, ko‘plab qiyin masalalarni birgalikda yechishgan. Bugun oramizda hayot bo‘lganlar Haydar Aliyevning har qanday vaziyatda O‘zbekistonga hurmat bilan munosabatda bo‘lgani, qo‘llab-quvvatlaganini aytishadi. Bizda “o‘zbek ishi” yuzaga kelgan og‘ir yillarda Haydar Aliyev boshqalardan farqli o‘laroq o‘zbek xalqi haqida o‘z shaxsiy fikriga ega bo‘lgan”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
O‘z navbatida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini tasdiqlagan.
“Siz mutlaqo haqsiz. U o‘zbek xalqiga katta hurmat va muhabbat bilan munosabatda bo‘lgan. Men o‘smirlik chog‘larimda uning Sharof Rashidovich Rashidov bilan yaqin do‘stligiga guvoh bo‘lganman. Ular aka-ukalardek do‘st bo‘ldilar. Qayta qurish yillarida muayyan guruhlar tomonidan olib borilgan siyosat ularga og‘ir ta’sir ko‘rsatgandi. Bunga bosh bo‘lgan “taniqli” shaxslar Gdlyan va Ivanov edi. Ular faqat O‘zbekistonga emas, barchamizga katta zarar yetkazishgan. Bu Sovet ittifoqining turkiy tilli respublikalarga qarshi ataylab uyushtirgan hujumi edi. Bu hujumlar Ozarbayjonni ham chetlab o‘tmadi. Ular O‘zbekistondagidek voqealarni Ozarbayjonda ham amalga oshirishga harakat qildilar. Ammo bunga vaqtlari yetmadi”, degan edi Prezident Ilhom Aliyev.
“Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma” nimani anglatadi?
Joriy yilning, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi – mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva hamrohligida O‘zbekistonga keldi. “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev va rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva kutib oldi. E’tiborli jihati – mehmonlar qatorida prezidentning qizi Leyla Aliyeva va nabiralari ham bor edi. Bu esa diplomatik munosabatlar bilan bir qatorda, oilaviy yaqinlik ham juda yaxshi ekanligini anglatadi. Ikki davlatning birinchi xonimlari, oilalar farzandlari va nabiralari birgalikda vaqt o‘tkazgani ham gapimizga isbot. Bu haqida keyinroq. Hozir esa Prezidentar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev o‘rtasida qay darajada do‘stona munosabat borligi, bu yaqinlik tarixiy birodarlikning mantiqiy davomi ekanini anglatuvchi videoni tomosha qilamiz.
Buning uchun 2019 yilda Bakuda bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining yettinchi sammitiga qaytamiz.
O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining bugungi muloqoti – shunchaki geosiyosiy manfaatlar yoki navbatdagi davlat tashrifi emas, balki murakkab tarixiy sinovlarda toblangan haqiqiy birodarlikning mantiqiy va zamonaviy davomidir.
XX asrning so‘nggi yillaridagi adolatsizlik va bosimlar davrida Haydar Aliyev hamda Sharof Rashidov tomonidan asos solingan o‘zaro hurmat va ishonch bugun ikki mustaqil va suveren davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.
23 avgust kuni ham rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng, Ko‘ksaroy qarorgohida ikki davlat yetakchilari tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Muzokaralarda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidlagan.
“Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu uchrashuv davomida Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz o‘rtasida mutlaqo yangi geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitektura shakllanayotganining aniq va yaqqol belgilari ko‘rindi. Toshkent va Baku o‘rtasidagi so‘nggi oliy darajadagi muloqot ikki mamlakat aloqalari shunchaki do‘stona hamkorlik doirasidan chiqib, bir-birining iqtisodiyotini to‘ldiradigan va bir-biriga tayanadigan chinakam hamkor hamda bir-birini har jabhada qo‘llab-quvvatlaydigan eng yaqin ittifoqchiga aylanganini ko‘rsatdi.
Raqamlar ham buni ko‘rsatmoqda. So‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortgan va tez orada bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Jahondagi geosiyosiy beqarorlikni ko‘ryapsiz. An’anaviy savdo marshrutlaridagi uzilishlar hammani sergak tortishga majbur qilyapti. Mana shunday sharoitda ikki davlat logistika imkoniyatlarini birlashtirishni – hayotiy zaruriyat deb baholayapti.
Yig‘ilishda “O‘rta yo‘lak” deb atalavuchi Transkaspiy xalqaro transport marshrutini birgalikda rivojlantirish va o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston uchun Ozarbayjon infratuzilmasi Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga chiqishning eng qisqa va xavfsiz darvozasi bo‘lsa, Baku uchun Toshkent Markaziy Osiyo bozorlariga kirishning strategik xabidir. Ushbu yo‘lakning o‘tkazuvchanlik quvvatining oshishi har ikki mamlakatning raqobatbardoshligini oshirib, ularni Yevroosiyo qit’asining asosiy tranzit tugunlariga aylantiradi. Bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar Ilhom Aliyev tomonidan alohida olqishlandi.
Bu safargi rasmiy tashrifning eng asosiy va katta yutug‘i ikki prezident tomonidan imzolangan “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma” bo‘ldi. Xo‘sh, bu hamkorlik nimalarni nazarda tutadi?
Bu ikki mustaqil davlat o‘rtasidagi diplomatik va huquqiy munosabatlarning eng yuqori darajasi hisoblanadi. U shunchaki ramziy nomlanish emas, balki chuqur geosiyosiy majburiyatlarni ham ikki tomonga yuklaydi. Birinchi o‘rinda, harbiy va xavfsizlik kafolatlarini qamrab oladi. Tomonlar bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini so‘zsiz tan oladi va himoya qiladi. Biri ikkinchi tarafga qaratilgan harbiy yoki siyosiy bloklarga qo‘shilmaydi. Qolaversa, ikki davlat rahbarlari darajasida maxsus Kengash tuzilib, har yili davlatlararo muhim masalalar va global xavfsizlik yuzasidan yagona pozitsiya shakllantiriladi. Shuningdek, tashqi bozorlardagi inqirozlar paytida bir-biriga iqtisodiy yordam ko‘rsatish, transport va energetika yo‘laklarida imtiyozli sharoitlar yaratish majburiyati olinadi.
Sizda ehtimol paydo bo‘lgan savolga ham javob bor. O‘zbekiston tarixida shunday bitim yana kimlar bilan imzolangan?
Mamlakat diplomatiyasi tarixida ushbu maqomga ega shartnomalar nihoyatda kam. Birinchi marta Turkiya bilan 1996 yil 8 mayda Anqarada imzolangan. Keyingi “Abadiy do‘stlar” esa qo‘shnilar. Qirg‘iziston bilan 1997 yil 10 yanvarda Bishkekda imzolangan bo‘lsa, oradan bir yil o‘tib, 1998 yil 31 oktyabrda Toshkentda Qozog‘iston bilan imzolangan.
Demak, yangi O‘zbekiston davridagi birinchi “Abadiy do‘stlik shartnomasi” aynan Ozarbayjon bilan imzolandi.
Qolaversa Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarori ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarni mutlaqo yangi va oliy maqomga olib chiqdi. Ushbu hujjat shunchaki navbatdagi rasmiy kelishuvlar to‘plami bo‘lib qolmay, poytaxtlar va hududlar darajasidagi o‘zaro hamkorlikning keyingi yillardagi rivojlanish trayektoriyasini belgilab beradi.
Yillar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi huquqiy va idoraviy aloqalar yetarlicha muvofiqlashtirilmagani sababli ko‘plab tashabbuslar amaliyotga sekin tatbiq etilayotgan edi. Vazirliklar o‘rtasida ko‘p yillik aniq rejalar tuzilishi va xavfsizlik masalalarida tajriba almashinuvining yo‘lga qo‘yilishi natijasida idoralararo byurokratiya to‘siqlari yo‘qoladi. Bu esa xalqaro maydonda tashqi siyosiy pozitsiyalarni jipslashtirish va huquqiy-xavfsizlik masalalarida tezkor qarorlar qabul qilish kafolatini beradi.
Endilikda o‘zaro bozorni to‘ldiruvchi tovarlar ro‘yxatining shakllantirilishi va harakatlar rejasining qabul qilinishi evaziga savdo to‘siqlari olib tashlanadi va sanoat kooperatsiyasi uchun keng yo‘l ochiladi. Kutilayotgan natija shuki, 2030 yilga borib 1 milliard dollarlik marra nafaqat nominal ko‘rsatkich sifatida zabt etiladi, balki har ikkala davlat biznes vakillari uchun uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda chiqish imkoniyati yaratiladi.
Avvallari ikki mamlakat o‘rtasida mehnat qilayotgan yoki istiqomat qilayotgan fuqarolarning ijtimoiy va pensiya huquqlarini ta’minlashda muayyan huquqiy bo‘shliqlar saqlanib qolayotgan edi. Imzolangan bitimlar O‘zbekiston va Ozarbayjonda mehnat stajiga ega fuqarolarning pensiya kafolatlarini uzil-kesil hal etishi bilan birga, turistik va madaniy almashinuvlarni bir necha barobar oshirishga xizmat qiladi. Oqibatda, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona rishtalar yanada mustahkamlanadi va madaniy turizm sohasida yangi loyihalar paydo bo‘ladi.
Taqdirlangan prezidentlar
Oliy darajadagi uchrashuvlar shunchaki protokoldan iborat bo‘lmadi. Toshkent va Baku o‘rtasidagi munosabatlar diplomatik sheriklik chegarasidan o‘tib, emotsional va strategik jihatdan uzviy bog‘langan birodarlik bosqichiga yetdi deyishimiz uchun asoslar bor.
23 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi.
Diplomatik amaliyotda oliy mukofotlar bilan o‘zaro taqdirlash shunchaki rasmiy iltifot emas, balki ikki yetakchining o‘zaro ishonchi va xalqlarning tarixiy yaqinligini e’tirof etish vositasidir. O‘zbekiston rahbari Ilhom Aliyevga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirar ekan, bu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev o‘zining otasi – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirayotganini, uning rahbarligidagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishayotganini, qolaversa, ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos ekanini alohida qayd etdi.
O‘z navbatida, Shavkat Mirziyoyevga Ozarbayjonning oliy mukofoti topshirildi. O‘zbekiston yetakchisi ushbu ordenni alohida ehtirom bilan qabul qilib oldi. Prezident ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini aytib, orden butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan hamda Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratgan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyev nomi bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Haydar Aliyevning O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani hamda ikki xalqning yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani xotirlandi.
Ushbu o‘zaro mukofotlash marosimi ortida yotgan asosiy siyosiy sabab – so‘nggi yillarda ikki mamlakat yetakchilarining shaxsiy diplomatik irodasi evaziga erishilgan iqtisodiy, transport va gumanitar natijalardir. Buning oqibatida, Toshkent va Baku nafaqat ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi, balki Turkiy dunyo integratsiyasi va Markaziy Osiyo-Janubiy Kavkaz trans-mintaqaviy hamkorligining asosiy dvigateliga aylandi. Kutilayotgan natija shundan iboratki, oliy darajadagi bunday yuksak e’tirof va shaxsiy do‘stlik kafolati kelgusida barcha sohalardagi kelishuvlar ijrosini tezlashtiradi va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi munosabatlar yangi amaliy mazmun bilan boyib borishini ta’minlaydi.
Birinchi xonimlar qanday vaqt o‘tkazdi?
Ikki mamlakat yetakchilarining rasmiy muzokaralari bilan bir qatorda, ularning oila a’zolari o‘rtasidagi uchrashuvlar ham oliy darajadagi tashrifga alohida iliqlik va oilaviy do‘stlik ruhini bag‘ishladi. 23 avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva, qizi Leyla Aliyeva va nabiralari O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va uning qizlari – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva va oilaning kenja vakillari bilan birgalikda Toshkent shahridagi bir qator madaniy tadbirlarda ishtirok etdilar.
Xonimlar dastlab Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, bu yerda yaratilgan boy madaniy va ma’naviy meros bilan tanishdilar. Mehmonlarga markazning “Islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans asosi” hamda “Qur’oni Karim” zallarida joylashtirilgan noyob eksponatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Sammiy muloqot va o‘zaro madaniy yaqinlik muhitida kechgan tashrif Toshkent shahridagi Oxunguzar art-majmuasida davom etdi. Bu yerda ikki mamlakat Birinchi oilasi a’zolari milliy liboslar, hunarmandchilik va qo‘l mehnati buyumlari ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.
“Ozarbayjon” bog‘i quriladi
Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i barpo etiladi. 23 avgust kuni ikki prezident bog‘ni barpo etish ishlariga tantanali ravishda start berib, bo‘lajak majmua hududiga ramziy kapsulani joylashtirdilar. Shu tariqa Yangi Toshkentdan ajratilgan 4 gektar maydonda Ozarbayjonning boy madaniyati, ko‘p asrlik tarixi va milliy an’analarini o‘zida mujassam etgan zamonaviy jamoat makoni barpo etilishi boshlandi. Ushbu tashabbusning ildizlari va zarurati ikki taraflama tarixiy poydevorga tayanadi. Ilgari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va gumanitar muloqotlar ko‘proq qisqa muddatli tadbirlar yoki ko‘rgazmalar bilan cheklanib qolgan bo‘lsa, bugun u doimiy va moddiy me’morchilik shakliga o‘tyapti. Ushbu loyiha o‘zaro tenglik va do‘stlik tamoyiliga asoslangan deyish mumkin. Chunki, 2025 yilning 2 iyulida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida Baku shahrining “Oq shahar” hududida 4,5 gektar maydonni egallaydigan “O‘zbekiston” bog‘iga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yilgan edi. Bakudagi majmuada O‘zbekistonning boy madaniyati, milliy me’morchilik maktabi, tarixiy obidalarining ramziy timsollari hamda xushmanzara sayr maskanlari bunyod etilayotgan bo‘lsa, Toshkentdagi bog‘ – Ozarbayjon madaniy ruhiyatini poytaxt markazida gavdalantiradi.
Ikki poytaxtda ham qardosh xalqlarning madaniy maskanlarining yaratilishi natijasida Toshkent va Baku aholisi hamda sayyohlari bir-birining tarixi va an’analari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkoniga ega bo‘ladi. Kutilayotgan natija shundaki, ushbu bog‘lar nafaqat shaharlarning turistik jozibadorligini oshiradi va estetik qiyofasini boyitadi, balki kelajak avlodlar uchun ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik do‘stligi, ma’naviy birligi va uzviy bog‘liqligini eslatib turuvchi abadiy madaniy ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Ozarbayjon bilan strategik aloqalar nafaqat davlatlararo madaniy-ma’rifiy va siyosiy loyihalarda, balki yirik iqtisodiy-investitsiyaviy tashabbuslarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Shunday yirik loyihalardan biri sifatida ozarbayjonlik taniqli tadbirkor va investor, Ozarbayjon Prezidentining sobiq kuyovi Emin Agalarov tomonidan O‘zbekistonga kiritilayotgan ko‘p million dollarlik bir nechta sarmoyalarni ko‘rsatish mumkin. Uning Crocus Group va Agalarov Development kompaniyalari tomonidan Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv ombori sohilida amalga oshirilayotgan Sea Breeze Resort xalqaro turistik majmuasi shular jumlasidandir. Ushbu ulkan loyiha mintaqaning turistik salohiyatini oshirish, zamonaviy dam olish maskanlari va infratuzilmani yaratishga qaratilgan deyilsada, bu tashabbus jamoatchilik e’tirozidan chetda qolgani yo‘q.
Sovet geosiyosatining ko‘rinmas devorlari
O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini bir-biriga bog‘lab turuvchi ildizlar ming yillik tarixga ega: har ikkisi ham turkiy til va madaniyat oilasiga mansub, dini bir, ma’naviy-adabiy merosi tutashgan. Biroq SSSR davrida yuritilgan strategik bo‘linish siyosati ushbu tabiiy rishtalarni sun’iy ravishda uzib qo‘ydi. Moskva tomonidan yuritilgan “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” tamoyili natijasida bir qondan bo‘lgan qo‘shni va qardosh respublikalar bir-biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi, iqtisodiy-siyosiy hamkorlik qilishi cheklandi. Har bir respublika faqat Markaz orqali muloqot qilishga majbur etildi, bu esa xalqlarda bir-biridan xavfsirash va sovuqlik kayfiyatini shakllantirdi.
1991 yilda mustaqillikka erishilgandan keyin ham geosiyosiy murakkabliklar saqlanib qoldi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, amaliyotda, ayniqsa Qorabog‘ ziddiyati masalasida ehtiyotkor va betaraf pozitsiyani egallashga majbur bo‘ldi. Mintaqaviy xavfsizlik va Rossiya omili sababli Toshkent va Baku o‘rtasidagi aloqalar uzoq yillar davomida kutilgan dinamika va yaqinlikka ega bo‘lmadi.
1991–2016 yillar oralig‘ida ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro davlat va rasmiy tashriflari haqiqatan ham nihoyatda kam bo‘lgan. Ushbu 25 yillik davrda rasmiy va davlat tashrifi maqomidagi oliy darajadagi muloqotlar bor-yo‘g‘i 5 marotabani tashkil etgan.
Umuman olganda O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) davlatlari orasida nisbatan sal kechroq boshlangan. 1996 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. O‘sha yili 27–28 may kunlari O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov Ozarbayjonga rasmiy tashrif bilan borgan. Tashrif davomida ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirishga oid asosiy bitimlar imzolangan.
1997 yilda Ozarbayjon birinchi prezidenti Haydar Aliyev O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan. Lekin Ozarbayjon bilan iqtisodiy jihatdan aloqalar unchalik katta bo‘lmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 25 million dollarga ham yetmagan. Keyingi rasmiy tashrif esa oradan 7 yil o‘tib bo‘lgan. 2004 yil 23–24 mart kunlari Ozarbayjonning yangi saylangan Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. 2008 yil 11–12 sentyabrda esa Islom Karimov Ozarbayjonga rasmiy tashrif bilan bordi. 2010 yil 27–28 sentyabr kunlari Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Islom Karimovning Ozarbayjonga amalga oshirgan eng oxirgi rasmiy tashrifi 2012 yil 11–12 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan edi. Shundan so‘ng, to 2016 yilgacha, Islom Karimov vafotiga qadar ikki davlat rahbarlarining o‘zaro rasmiy yoki davlat tashriflari deyarli to‘xtab qolgan, muloqotlar faqat ko‘p tomonlama xalqaro sammitlar doirasida cheklangan edi.
2017 yildan vaziyat keskin o‘zgardi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev o‘rtasidagi ilk oliy darajadagi ikki tomonlama rasmiy muloqotlar tiklandi va 2022 yil 21–22 iyun kunlari Ilhom Aliyevning Toshkentga amalga oshirgan davlat tashrifi bilan ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. Keyinchalik, 2023 yil 22–23 avgust kunlari Shavkat Mirziyoyevning Baku hamda ozod etilgan Fuzuliy va Shusha shaharlariga amalga oshirgan davlat tashrifi esa munosabatlarni uzil-kesil ittifoqchilik darajasiga olib chiqdi.
So‘nggi 8–9 yil ichida oliy darajadagi 10 dan ortiq o‘zaro tashriflar va intensiv muzokaralar o‘tkazildi. Ozarbayjonning II Qorabog‘ urushida o‘z hududiy yaxlitligini tiklashidan so‘ng, birinchilardan bo‘lib Fuzuliy shahrida O‘zbekiston hisobidan 960 o‘rinli zamonaviy Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab barpo etildi. Bu O‘zbekistonning panja ortidan qarash siyosatiga chek qo‘yib, amaliy qardoshlik pozitsiyasiga o‘tganining yaqqol isboti bo‘ldi. Tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi besh yilda 3 barobarga ortdi. Endi buni 1 mlrd dollarga yetkazish belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent va Baku o‘rtasidagi ushbu tarixiy qadamlar shunchaki navbatdagi diplomatik muloqot emas, balki sovet davridan qolgan sun’iy g‘ovlarni uzil-kesil parchalagan haqiqiy qardoshlik tantanasidir. Yillar davomida uzilib qolgan rishtalarning qayta tiklanishi va yangi bosqichga ko‘tarilishi Markaziy Osiyo hamda Janubiy Kavkaz o‘rtasidagi yaxlit hamda qudratli hamkorlik ko‘prigini barpo etyapti. Iqtisodiy manfaat va qon-qardoshlik birlashgan ushbu strategik ittifoq kelajakda har ikki xalqning farovonligi hamda mintaqaning barqaror rivojiga xizmat qiladi deb umid qilamiz.
Live
Barchasi