“Sukut saqlash sheriklikdir”. Erdo‘g‘anning kuyovi G‘azodagi qirg‘inlarni to‘xtatishga chaqirdi (video)

Olam

image

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, uchuvchisiz samolyot ishlab chiqaruvchi “Baykar” kompaniyasining direktori Selchuk Bayroqdor G‘azoda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, ularni zudlik bilan tinchlikni ta’minlashga chaqirdi. U videomurojaatini Instagram’dagi sahifasida e’lon qildi.

“G‘azoda insoniyat tarixidagi eng og‘ir fojia sodir bo‘lmoqda. Isroil begunoh, tinch aholini, jumladan, ayollar va bolalarni qirg‘in qilmoqda. U shifoxonalar, maktablar va ibodatxonalarni bombardimon qilish orqali urush jinoyatlarini sodir etyapti. Bu faqat ikkiyuzlamachilik – genotsidga qarshi kurashganini da’vo qilganlar, bugun o‘zlari genotsidni amalga oshirib, qo‘llarini qonga botiryapti”, deydi Selchuk Bayroqdor.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyat chora ko‘rishi, zudlik bilan tinchlik va adolat o‘rnatilishi kerakligini ta’kidlagan. Tadbirkor o‘ziga tegishli “Baykar” kompaniyasi G‘azo xalqi uchun 280 million liralik insonparvarlik yordamini berishga tayyor ekanini bildirgan.

“Biz butun insoniyatni G‘azodagi qirg‘inlarni to‘xtatish uchun harakat qilishga chaqiramiz. Sukut saqlash bu qirg‘inlarga sherik bo‘lishdir”, deya xulosa qiladi “Baykar” rahbari.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an xalqaro hamjamiyatni G‘azodagi shifoxonaga raketa hujumidan so‘ng, “misli ko‘rilmagan shafqatsizlik”ni to‘xtatishga chaqirgandi va hujum oqibatida halok bo‘lganlar uchun mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilgandi. U bugun, 21 oktyabr kuni Misrda Falastin-Isroil masalasini hal qilishga bag‘ishlangan sammitda qatnashishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya G'azo Selchuk Bayroqdor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing