Sudandagi hokimiyat uchun kurash badalini bolalar o‘z jonlari bilan to‘lamoqda – UNICEF

Olam

image

Joriy yilning 15 aprel kuni boshlangan Sudandagi armiya va Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda 190 nafar bola halok bo‘ldi, 1700 nafari esa yaralandi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lum qildi.

Bayonotda har bir to‘qnashuvda bo‘lgani kabi, Sudanda ham bolalar eng ko‘p zarar ko‘rganlar orasida ekani va ularni himoya qilish uchun har tomonlama harakat qilish kerakligi ta’kidlangan. 

“Sudandagi vaziyat og‘ir va bolalar buning badalini o‘z jonlari bilan to‘lamoqda. Bolalar uchun mojaro to‘xtashi kerak”, deydi jamg‘arma ijrochi direktori Ketrin Russel.

Russelning ta’kidlashicha, tomonlar tibbiyot muassasalari, maktablar, suv va kanalizatsiya inshootlari va boshqa infratuzilmalarga hujumlarni to‘xtatishi kerak.

“UNICEF Sudandagi bolalar tinch-totuvlikda o‘sishi va kelajakka umid bilan qarashi uchun inqirozga uzoq muddatli siyosiy yechim topishga chaqiradi”, deydi Russel.

Sudanda vaziyat qanday?

Suveren kengashga (mamlakat boshqaruv organi) ham rahbarlik qilayotgan armiya qo‘mondoni Abdulfattoh al-Burxon va uning kengashdagi o‘rinbosari maxsus kuchlar qo‘mondoni Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli Sudanda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Joriy yilning 15 aprel kuni avj olgan to‘qnashuvlar 2021 yilgi harbiy to‘ntarishdan keyin boshlangan siyosiy inqirozning davomi ekani aytilmoqda. Tezkor harakat kuchlari va armiya ikki yildan beri o‘tish davri hukumatini shakllantirish bo‘yicha kelisha olmagan turli siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Tezkor qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar (RSF) jangarilari mamlakatdagi kamida uchta aeroportni, shuningdek, qator harbiy ob’ektlar va Prezident saroyini egallab olganini aytishgan.

Biroq Sudan Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Abdel Fattoh al-Burxonning ta’kidlashicha, RSF'ning Prezident saroyi, poytaxt aeroporti va qurolli kuchlar shtab-kvartirasini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. General Burxon “Al Jazeera” nashri bilan suhbatda harbiylar vaziyatni to‘liq nazorat qilayotganini ta’kidlagan.

Sudan poytaxti Xartumdagi ko‘plab yo‘llar va ko‘priklar to‘sib qo‘yilgan, aeroport ham urush hududiga aylangan, u yerga parvozlar to‘xtatilgan. Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, harbiy harakatlar oqibatida Ukrainaning SkyUp aviakompaniyasining Boeing 737 samolyoti aeroportda yonib ketgan.

Birlashgan Arab Amirliklarining Xartumdagi elchixonasi mojaro qanday kechayotganini katta tashvish bilan kuzatayotganini qayd etib, muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish va yangi hukumatni shakllantirishda milliy konsensus (kelishuv)ga erishish zarurligini yana bir bor eslatib o‘tgan.

Shuningdek, AQSHning Xartumdagi elchisi Jon Godfri o‘q ovozlaridan uyg‘onganini hamda hozirda xuddi Xartumdagi va boshqa joylardagi sudanliklar kabi elchixonada boshqa diplomatlar bilan yashirinib yurganini aytgan.

Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Sudandagi to‘qnashuvlar oqibatida 420 kishi halok bo‘ldi, ulardan 264 nafari tinch aholi, 3,7 ming kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Sudan UNICEF Tezkor qo'llab-quvvatlash kuchlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing