Sudan armiyasi BAA elchisining qarorgohiga hujum qildi
Olam
−
03 Oktabr
6187Sudanda rasmiy hokimiyat va “Tezkor harakat kuchlari” harbiy guruhi o‘rtasidagi fuqarolar urushi mamlakat chegaralaridan tashqariga ham tarqalmoqda. Xususan, Sudan armiyasi Birlashgan Arab Amirliklari elchisining Xartumdagi qarorgohiga hujum qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, BAA Tashqi ishlar vazirligi 30 sentyabr kuni Sudan harbiy-havo kuchlari samolyoti BAA elchisi qarorgohiga hujum uyushtirgani haqida xabar bergan va hujumni qoralab, binoga jiddiy zarar yetkazilganini ma’lum qilgan.
“Sudan armiyasi qo‘rqoqlarcha bu harakat uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishi kerak”, deyiladi BAA Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Shuningdek, Abu-Dabi diplomatik binolar daxlsizligining asosiy tamoyili qo‘pol ravishda buzilgan ish yuzasidan Arab Ligasi, Afrika Ittifoqi va BMTga shikoyat kiritishga va’da bergan.
Qayd etilishicha, Sudan armiyasi bu ayblovlarni rad etib, diplomatik missiyalar qarorgohiga hech qanday zarba berilmaganini ma’lum qilgan va faqat “Tezkor harakat kuchlari” bo‘lgan hududlarga hujum qilinayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Sudandagi vaziyat 2023 yil bahorida keskinlashgan. Bunga Sudan Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Abdul Fattoh al-Burhon va “Tezkor harakat kuchlari” rahbari Muhammad Hamdan Daglo o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan. Natijada Meroe shahri va mamlakat poytaxti Xartumdagi harbiy baza yaqinida armiya va maxsus kuchlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlangan.
Ular o‘rtasidagi 17 oylik qarama-qarshilik davomida 10 milliondan ortiq sudanlik qochqinga aylangan va 20 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
LiveBarchasi