Sud Trampga Ta’lim vazirligini yopishga ruxsat berdi
Olam
−
15 iyul 3074 3 daqiqa
AQSH Oliy sudi Donald Tramp ma’muriyatining Ta’lim vazirligini tugatish borasidagi harakatlariga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Bungacha Massachusets shtati federal sudyasi Tramp ma’muriyatiga vazirlikni yopish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yishni taqiqlagandi. Biroq endi Oliy sud bu taqiqni rad etdi.
Nashrning yozishicha, ushbu qaror Tramp ma’muriyatiga Ta’lim vazirligidagi ommaviy ishdan bo‘shatishlarni davom ettirish imkonini beradi. Bu ishdan bo‘shatishlar oqibatida vazirlik shtati deyarli yarmiga kamaygan.
Ta’lim vaziri Linda Makmaxon ushbu qarorni sharhlar ekan, idora xodimlari soni qisqartirilishini va “ta’limni shtatlar ixtiyoriga qaytarish yo‘lidagi ish davom ettirilishini” aytgan.
“Bugun Oliy sud yana bir bor shuni tasdiqladiki: AQSH Prezidenti ijro hokimiyatining rahbari sifatida federal idoralarning shtat tarkibi, tashkiliy tuzilmasi va kundalik faoliyati yuzasidan qarorlar qabul qilishda eng yuqori vakolatlarga ega”, dedi Makmaxon.
Shuningdek, u bu qarorni “g‘alaba” deb atab, Oliy sudning bunga aralashishga majbur bo‘lgani “achinarli” ekani, chunki bu Trampga uni Prezidentlikka saylagan amerikaliklar oldidagi va’dalarini bajarishga imkon beruvchi islohotlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qilganini aytgan.
Biroq AQSH Milliy ota-onalar ittifoqi rahbari Keri Rodriges Oliy sud qarorini keskin tanqid qilgan.
“Oliy sud siyosatni Konstitutsiyadan ustun qo‘ydi va natijada millionlab amerikalik talabalarning kelajagini xavf ostiga qo‘ydi. Bu qaror Prezident Trampning hech qanday Kongress roziligisiz AQSH Ta’lim vazirligini bekor qilishga urinayotgan sharmandali va noqonuniy harakatlariga yo‘l ochadi”, deydi Rodriges.
Nashrga ko‘ra, Oliy sud qarori Trampning federal hukumatni isloh qilish yo‘lidagi navbatdagi, garchi vaqtinchalik bo‘lsa-da, yutug‘i hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Oq uy Trampning Ta’lim vazirligini yopish haqidagi farmonini imzolashga tayyorlayotganini e’lon qilgan edi. O‘sha paytda vazirlik shtati deyarli ikki barobar qisqargan, va grantlar hamda kontraktlarni bekor qilish ustida ish olib borayotgan edi.
Oq uy bayonotida esa bu farmon “ota-onalar, shtatlar va jamoalarga o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash va ta’limni boshqarishni o‘z qo‘llariga olish imkonini beradi”, deyilgandi.
Shuningdek, Tramp o‘zining 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasi davridayoq Ta’lim vazirligini yopishga chaqirgan, uni ortiqcha byurokratiya deb atagan edi. Uning fikricha, bu vazirlikning funksiyalarini shtat darajasidagi departamentlar ham bajara oladi.
Biroq 2025 yil may oyida Massachusets federal sudi Tramp ma’muriyatiga Ta’lim vazirligining 1300 dan ortiq xodimini lavozimiga qaytarish majburiyatini yuklagan edi. Sudda aytilishicha, bu qisqartirishlar oqibatida irq va nogironlik belgilariga ko‘ra kamsitilishga qarshi kurashuvchi 12 ta boshqarmaning 7 tasi yopilgan.
Shunga qaramay, Tramp ma’muriyati sud qarorini darhol apellyatsiya qilish niyatida ekanini bildirgan edi.
Live
Barchasi