Sud xorijliklarning Garvardda o‘qishiga qo‘yilgan taqiqni blokladi

Olam

image

AQSH sudi rasmiylarning Garvard universitetiga xorijlik talabalarni qabul qilish bo‘yicha joriy qilgan taqiqini to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSHning Massachusets okrug sudi Garvard universitetining Ichki xavfsizlik departamenti tomonidan xorijiy talabalarni qabul qilishga qo‘yilgan taqiqni to‘xtatib turish haqidagi talabni qanoatlantirdi.

Bungacha Garvard Prezident Donald Tramp ma’muriyatiga qarshi da’vo arizasi kiritgan edi. Da’vo hujjatlarida Oq uy qarori universitet uchun jiddiy zarba bo‘lgani ta’kidlangan.

Garvard o‘z da’vosida 10 ta huquqiy ayblovni ilgari surdi, jumladan “Ma’muriy tartib-qoidalar to‘g‘risidagi” qonun buzilgani va so‘z hamda yig‘ilish erkinligini kafolatlovchi AQSH Konstitutsiyasining Birinchi tuzatmasi buzilganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Garvard universiteti xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum qilinganini bildirgandi. Uning aytishicha, bu qaror barcha xorijiy talabalar o‘z maqomini saqlab qolish uchun boshqa oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga o‘tishi kerakligini anglatadi.

May oyi boshlarida AQSH ta’lim vaziri Linda Makmaxon Garvard universitetini qattiq tanqid qilib, uni bir qator jiddiy qonunbuzarliklarda aybladi. Asosiy e’tirozlar qatorida qonunchilik me’yorlariga muntazam amal qilinmasligi, ta’lim standartlarining pastligi va AQSH Oliy sudi tomonidan universitetda irqiy kamsitish taqiqlanishi bo‘yicha chiqarilgan qaror e’tiborga olinmayotgani bor.

Bungacha Donald Tramp ma’muriyati Garvardning hukumatning antisemitizmga qarshi kurashish talablariga javob bermagani sababli universitetga ajratilgan 2,2 milliard dollar mablag‘ni muzlatib qo‘ygan edi.

Umuman olganda, hozirda AQSHdagi oliygohlar va Prezident ma’muriyati o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchaygan bo‘lib, hukumat Garvardni antisemitizmga qarshi yetarli choralar ko‘rmaslikda ayblab, unga ajratiladigan grantlarni muzlatdi va moliyaviy ko‘makni sezilarli darajada qisqartirdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Garvard

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing