Sud Firdavs Abduxoliqov ishini ko‘rmoqda. U nimada ayblanyapti?
Jamiyat
−
01 fevral 2022
11019Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ning 4-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Abduxoliqovga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish joriy yilning 26 yanvar kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan.
Ishni ko‘rish joriy yilning 27 yanvar kuni boshlangan va ilk eshituvda Firdavs Abduxoliqov ishtirok etib, ko‘rsatma bergan.
Sud ishni ko‘rish bo‘yicha kecha, 31 yanvarga qadar tanaffus e’lon qilgan bo‘lib, shu kuni Firdavs Abduxoliqov sudga ariza bilan murojaat qilib, ishni ko‘rishni boshqa kunga qoldirishni so‘ragan.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonga binoan, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar bo‘yicha sud majlislari telekanallar va internetda jonli efirga uzatilishi kerak edi. Ammo Abduxoliqov ishida bu farmon aftidan unutildi yoki sudlar Prezident farmonini o‘zi xohlaganda ijro etadi. Sud ishi boshlanganidan 4 kun o‘tib ma’lumot bergan tizimdan yana nima kutish mumkin?
"Sabriya" mashmashasi
Avvalroq, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan "Sabriya" serialida axloqsiz sahnalar mavjudligi va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qilgan edi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham “Sabriya” serialini tanqid qildi va hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafratni ko‘rmaganini bildirdi.
Ushbu masala kun tartibiga chiqishi ortidan telekanal prodyuseri Amira Rashidova ijtimoiy tarmoqlar orqali munosabat bildirib, “axloqsiz” degan ayblovni qo‘yishdan oldin, kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini ko‘rish yetarli” ekanini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng, mazkur masalaga O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ham izoh berdi. Unga ko‘ra, “Sabriya” seriali haqiqatan ham badiiy va mazmunan sayoz.
Oradan ko‘p o‘tmay, “Sevimli” telekanali Bosh direktori vazifasini bajaruvchi A.Xo‘jayev va bosh muharrir Q.Saydaliyev lavozimidan ozod etildi. Kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib jamoatchilik asosida Firdavs Abduxoliqov saylandi. Shuningdek, shu paytga qadar O‘zEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlangan.
20 yanvar oqshomida “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova yana ijtimoiy tarmoqlar orqali bayonot bilan chiqib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyevadan uzr so‘radi.
Shuningdek, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov axloqsizlikni televideniyeda targ‘ib qilishni davlatga xiyonat sifatida baholadi.
Keyinroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura Firdavs Abduxoliqovga nisbatan ma’muriy ish ochgani ma’lum qilindi. Biroq mahkama negadir ish sudga oshirilib, ko‘rish boshlangach, axborot berilgani kutilmagan bo‘ldi.
LiveBarchasi