Sud CZN Burak va uning otasini 5 yilga qamamoqchi
Olam
−
18 avgust 2023
26773Ijtimoiy tarmoqlarda CZN Burak taxallusi bilan tanilgan oshpaz Burak O‘zdemir va uning otasi Ismoil O‘zdemir "Shahar muhofazasi hududi" doirasida ruxsatsiz qurilishlar qilganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “Turkiye gazetesi” nashri xabar berdi.
Ayblovga ko‘ra, ota-bolaning har ikkisi uchun 5 yilgacha qamoq jazosi berilishi talabi bilan sudda ish ochildi.
Ma’lum qilinishicha, birinchi instansiya jinoiy sudi Istanbulda bo‘lib o‘tdi. Ushbu sud majlisida oshpazning otasi Ismoil O‘zdemir unga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etdi.
“Men so‘z yuritilayotgan ko‘chmas mulkni oddiy ta’mir qildim. Oddiy ta’mirlash jarayoni uchun ham shahar hokimiyatidan ruxsat oldim. Menga qo‘yilgan ayblovlarni qabul qilolmayman”, dedi u.
Burak O‘zdemirning advokati esa u chet elda bo‘lgani uchun himoyasini ta’minlay olmaganini aytdi.
Sud muvaqqat qarorini e’lon qilib, sudlanuvchi Burak O‘zdemirning advokatiga mijozini himoya qilish uchun vaqt berilishi, Madaniyat va Turizm vazirligining ishtirok etish talabi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Shuningdek, ayblov xulosasida, gumondorlar Burak O‘zdemir va Ismoil O‘zdemirning "2863-sonli Madaniy va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish qonuniga qarshi chiqish" jinoyati bilan 2 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi talab qilindi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Burak O‘zdemir o‘z otasini firibgarlikda ayblab, sudga berdi. Otasi bilan barcha munosabatlarni uzgan Burak garajidagi avtomobillarini sotish orqali pul to‘plab, o‘z restoranini ochishga qaror qildi.