Stoltenberg Ukrainadagi urush uzoq davom etishini aytdi

Olam

image

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainadagi mojaro uzoq davom etishi mumkinligidan, lekin, katta ehtimol bilan, muzokaralar stolida tugashidan xavotirda. U bu fikrni kecha, 16 dekabr kuni “Frans-Press” agentligiga bergan intervyusida bildirdi. 

"Rossiyani past baholamasligimiz kerak. Rossiya uzoq davom etadigan urush olib borishni rejalashtirmoqda. Biz ular ko‘proq kuchlarni safarbar qilayotganini, ko‘proq yo‘qotishlarga tayyor ekanligini va ko‘proq qurol-yarog‘ga ega bo‘lishga harakat qilayotganini ko‘ryapmiz", deydi Stoltenberg. 

U mojaro muzokaralar stolida yakunlanishiga ishonch bildirdi va har qanday qaror Ukrainaning suveren mustaqil davlat maqomini tasdiqlashini qo‘shimcha qildi. NATO Bosh kotibi, shuningdek, mojaroni hal qilishning eng tez yo‘li ularga [Kiyevga] harbiy yordam ko‘rsatish ekanligini yana bir bor ta’kidladi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi, Lugansk xalq respublikasi, Xerson va Zaporoje viloyatlarining Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirishi bo‘yicha noqonuniy referendumlar 2022 yil 23-27 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Moskvaga ko‘ra, saylov byulletenlarini qayta ishlash natijalariga ko‘ra, DXRda Rossiya Federatsiyasiga qo‘shilish uchun 99,23%, LXRda – 98,42%, Xerson viloyatida – 87,05%, Zaporoje viloyatida – 93,11% ovoz berilgan. 30 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlarida o‘tkazilgan psevdoreferendumlar yakunlari bo‘yicha nutq so‘zladi, shundan so‘ng hududlar rahbarlari bilan Rossiya tarkibiga kirish to‘g‘risida bitimlar imzolandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

16

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing