Stoltenberg NATO davlatlarini ilg‘or texnologiyalarni Xitoyga eksport qilmaslikka chaqirdi

Olam

image

NATO davlatlari Xitoydan muhim resurslar yetkazib berishga qaramligini kamaytirishi va G‘arb davlatlariga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or texnologiyalarni Xitoyga eksport qilmasligi kerak. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg bugun, 19 iyun kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan “Germaniya sanoati kuni” iqtisodiy konferensiyasida so‘z ochdi.

“Biz totalitar tuzumlarga qaramlikdan qochishimiz kerak. Biz Xitoydan muhim resurslar yetkazib berishga qaram bo‘lmasligimiz va Xitoyga bizga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan eng ilg‘or texnologiyalarimizni yetkazib bermasligimiz kerak”, degan Stoltenberg.

Shuningdek, u 5G tarmoqlari kabi muhim infratuzilma ustidan nazoratni yo‘qotmaslik kerakligini ta’kidlagan. 
Aytish joizki, Yevropa Ittifoqi va AQSHda 5G mavzusidan so‘z ochilganda asosan G‘arb texnologiya kompaniyalariga Xitoy sarmoyasini taqiqlash va G‘arb provayderlariga yuqori tezlikdagi ma’lumotlar tarmoqlarini o‘rnatishda foydalanish uchun Xitoyning yuqori texnologiyali mahsulotlarini sotib olishni cheklash nazarda tutiladi.

Stoltenbergning aniqlik kiritishicha, NATO G‘arbni zaif holga keltiradigan qaramlikdan qochib, Xitoy bilan savdo va o‘zaro hamkorlikni davom ettirish niyatida. Shuningdek, u NATO davlatlari va xususiy kompaniyalarni Xitoyga qaramlikni kamaytirish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Xitoy Stoltenberg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing