SSV “Antistrumin” yetkazib berish bo‘yicha 21 mlrd so‘mlik shartnoma tuzgani aytilmoqda
Jamiyat
−
26 Sentabr 2023
8369Ijtimoiy tarmoqlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi ta’sischiligidagi “O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ “Antistrumin” yod preparatini yetkazib berish evaziga “Samo” MCHJ bilan jami 21 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzganini tasdiqlovchi hujjatlarning rasmi tarqaldi.
Hujjatga ko‘ra, SSV ta’sischiligidagi tashkilot kaliy yodid 1 mg (0,001 g) №100 (Antistrumin) dori vositasini xarid qilish uchun 2022 yil iyun oyida “Samo” MCHJ bilan 5 mlrd 644 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. 2023 yil 11 yanvarda esa ushbu shartnomaga 956 mln so‘mlik qo‘shimcha kelishuv qilingan.
“O‘ZMEDIMPEKS” MCHJ 2023 yil 4 mayda yana mazkur dori vositasini xarid qilish uchun “Samo” MCHJ bilan 15 mlrd 275 mln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Ushbu shartnomalarga ko‘ra, jami 21 mlrd 875 mln so‘m mablag‘ evaziga “Samo” MCHJ 3 mln 550 ming miqdorda “Antistrumin” yetkazib berishi ko‘rsatilgan.
Hozircha rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, “Antistrumin” dori vositasini xarid qilish uchun hech qanday tender o‘tkazilmagan, shartnomalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 25 sentyabr kuni dastlab Namangan viloyatining Chust tumanida, keyin esa respublikaning boshqa hududlarida bog‘cha bolalari va maktab o‘quvchilarining zaharlanishiga sabab bo‘lgan yod xalqaro qidiruvdagi shaxs rahbarligidagi MCHJ tomonidan tarqatilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ularda “Samo” MCHJ ta’sischilaridan biri Nodir Yunusov AQSH bojxona va immigratsiya nazorati xizmati tomonidan qidiruvga berilgani, u odam savdosi va firibgarlikda ayblangani aytilgandi. Shundan so‘ng, SSVning Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “Samo” MCHJ korxonasining faoliyati bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.
LiveBarchasi