Sport to‘garagi ochgan trenerlarga har oy rag‘bat puli to‘lanadi
Jamiyat
−
28 iyul 1299 2 daqiqa
Mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etib, o‘zini o‘zi band qilgan trenerlar rag‘batlantiriladi. Bu haqda Hukumatning 2026 yil 24 iyuldagi 407-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomda belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, mahallalarda sport to‘garaklarini yo‘lga qo‘yib, o‘zini o‘zi band qilgan trenerlar har yili 20 avgustga qadar sport maktablariga ixtiyoriy ravishda ariza topshirishi mumkin.
Arizada murabbiylar tomonidan tashkil etilgan sport to‘garagining manzili, sport inshootining maydoni va sig‘imi, o‘qitilayotgan sport turlari, shug‘ullanayotgan sportchilar haqidagi ma’lumotlar hamda trenerlik faoliyati bo‘yicha malaka oshirganlik sertifikati ko‘rsatilishi kerak.
Sport maktablari kelib tushgan arizalarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, tegishli murabbiylarni o‘z tizimiga biriktiradi.
Belgilanishicha, har bir tuman yoki shahardagi sport maktabi ko‘pi bilan 5 nafargacha trenerni biriktirish huquqiga ega bo‘ladi. Biriktirilgan trenerlarga esa sport maktabi treneri uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorida har oy rag‘bat puli to‘lab boriladi.
Buning uchun trenerlar belgilangan ijtimoiy buyurtmalarni bajarishi talab etiladi. Jumladan, ular:
- vakolatli organ tomonidan belgilangan me’yorlar asosida sportchilarni tayyorlashi;
- “ERP sport” tizimida sportchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi;
- sportchilarning kunlik davomatini “Face ID” orqali elektron tarzda yuritib borishi lozim.
Qayd etilishicha, yangi tartib mahallalarda sportni ommalashtirish va yoshlarni sportga keng jalb etish maqsadida joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Respublika va viloyat bosqichidagi fan olimpiadalari hamda sport musobaqalari g‘oliblari endi “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi bilan taqdirlanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi