Toshkentdagi 400 ta mahalla obodligi uchun 10 trln so‘m ajratiladi
Jamiyat
−
19:46 377 2 daqiqa
Toshkent shahridagi 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yillik, 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Olmazor tumanida mahalla va ko‘chalarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Yil boshidan tumandagi 9 ta ko‘cha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirilgan. Bu borada Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar yaxshi natija bergani qayd etilgan.
Ilgari infratuzilmasi yetarli bo‘lmagan hududda qisqa vaqt ichida 450 o‘rinli bog‘cha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yo‘lagi va favvoralar barpo etilgan. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun yashash va dam olish sharoiti sezilarli darajada yaxshilangan.
Ushbu tajribani kengaytirib, Olmazorda yana 8 ta ko‘chada, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida esa kamida 3-4 tadan ko‘chada shu kabi ishlar boshlanishi belgilangan.
Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish bo‘yicha 4 yillik, 10 trillion so‘mlik dastur ishlab chiqiladi.
Har bir tumanda qaysi ko‘cha va mahallada, qachon va qanday o‘zgarish bo‘lishi aniq belgilab olinib, mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi va aholiga ochiq e’lon qilinishi zarurligi ta’kidlangan.
Poytaxtning tarixiy qismi – Eski shahar hududini kompleks rivojlantirish masalasi ham muhokama qilingan.
Xorijiy kompaniyalarni jalb qilgan holda 1 noyabrga qadar mazkur hududni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya va aniq loyihalar portfelini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Yig‘ilishda poytaxtdagi davlat idoralariga tegishli binolardan samarali foydalanish masalasiga ham e’tibor qaratilgan. Bugun Toshkentda umumiy maydoni 765 ming kvadrat metr bo‘lgan 497 ta ma’muriy bino mavjud.
Davlat tashkilotlarini maqbul tarzda joylashtirish, bo‘sh va samarasiz foydalanilayotgan maydonlarda savdo, servis, xususiy tibbiyot va ta’lim xizmatlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etilgan.
Mas’ullarga davlat idoralari binolarini xatlovdan o‘tkazib, maqbul maydonlarni tadbirkorlarga kafolatli shartlarda uzoq muddatli ijaraga berish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etish topshirilgan.
Live
Barchasi