O‘zbekistonda mahallalarning “yashil reytingi” joriy etiladi
Jamiyat
−
19:00 583 2 daqiqa
O‘zbekistonda mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklif etilmoqda. Bugun, 21 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla kesimida ko‘chat turi, ekiladigan joyi va sug‘orish tizimi aks etgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, aholiga e’lon qilish topshirilgan. Mahalla raislari bilan birgalikda har bir ko‘chadagi daraxt va ko‘chatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi qo‘yilgan.
Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yo‘laklari va tunu kun ishlaydigan ko‘chalarda tashkil etish muhimligi ta’kidlangan. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni ko‘paytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etilgan.
Taqdimotda “Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar ko‘rsatish takliflari ko‘rib chiqilgan. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli ko‘chatlar, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda.
Har bir mahallaga o‘rmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga ko‘chat ekish, sug‘orish va parvarishlashni o‘rgatish, uylar, maktab va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bog‘larini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat ko‘ngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilangan.
Mahallalarning “yashil reytingi”ni joriy etish taklifi ham muhokama qilingan. Bunda yashil maydonlar ulushi, aholi soniga nisbatan daraxtlar soni, yangi ko‘chatlarning tutib ketishi va aholining ishtiroki asosiy mezonlar bo‘ladi. Yuqori natijaga erishgan mahallalarni obodonlashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘lar va “yashil” loyihalarga maqsadli mikrograntlar ajratish orqali rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish topshirilgan.
Live
Barchasi